Logo

Surxondaryo viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandi

Бугун 08:301 дақиқа

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistraturasi bitiruvchisi podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi.

Surxondaryo viloyati IIBga yangi boshliq tayinlandiBaxtiyor Inoqov | © Foto: iiv

Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan podpolkovnik Baxtiyor Raximjonovich Inoqov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda 22-avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi sessiyasida ma’lum qilindi.

Yangi rahbar bu lavozimda polkovnik Timur Ismoilovning o‘rnini egalladi. Ismoilov 21-avgust kuni ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i etib tayinlangan edi.

Sessiyada viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ko‘rsatkichlar ham ma’lum qilindi.

Joriy yilning hisobot davrida Surxondaryodagi 723 ta mahallaning 528 tasida, ya’ni 73 foizida birorta ham jinoyat sodir etilmagan.

Shu bilan birga, ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan. Biroq 28 ta mahalla hanuz «qizil» toifada qolmoqda.

Yangi tayinlangan IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, mahallalarda xavfsizlikni kuchaytirish va aholi bilan yaqin muloqot o‘rnatish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Baxtiyor Inoqov Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sardor Mirzaraimov Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlanganligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид