Tadbirkorlar bilan hamkorlik qilmagan sport federatsiyalarida tozalash amalga oshiriladi

Бугун 19:152 дақиқа

Futbol o‘yinlari dam olish kuni yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilanadi, stadionlar atrofida qo‘shimcha xizmatlar tashkil etiladi.

Tadbirkorlar bilan hamkorlik qilmagan sport federatsiyalarida tozalash amalga oshiriladi © Фото: t.me/Press_Secretary_Uz

26 ta sport federatsiyasidagi bosh kotib va boshqaruv kadrlarining faoliyati o‘rganilib, lavozimiga loyiq bo‘lmaganlari almashtiriladi. Bu haqda Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Ta’kidlanishicha, federatsiyalarda hamkor va mablag‘ topish, tadbirkorlarni jalb qilish bo‘yicha tashabbus yo‘q. Qolaversa, mamlakatimizda salohiyati katta tadbirkorlar yildan yilga ortib bormoqda, ular orasida sportga qiziqadigan, homiylik qilishga tayyor turganlari ancha. Lekin birorta federatsiya tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha taklif kiritmagan.

Mutasaddilarga 26 ta federatsiyadagi bosh kotib va boshqaruv kadrlarining faoliyatini o‘rganib, lavozimiga loyiq bo‘lmaganlarini almashtirish topshirildi.

Qayd etilishicha, yaqinda imzolangan Prezident qarori bilan sportga homiylik qilaman degan tadbirkorlar uchun manfaatli sharoitlar yaratildi. Endi federatsiya bir yillik xarajatining 20 foizi miqdorida homiylik qilgan tadbirkor boshqaruv a’zolari tarkibiga kiradi. Professional futbol klubining yillik 20 foiz xarajatini qoplagan tadbirkor klubni ishonchli boshqaruvga olishi mumkin bo‘ladi.

«Umuman, O‘zbekistonda sport inson salomatligi va yuqori natijalar garovi bo‘lish bilan birga daromad keltiradigan sohaga ham aylanishi zarur», – dedi davlat rahbari.

Futbol o‘yinlari dam olish kuni yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilanadi

Misol uchun, futbol bo‘yicha milliy chempionat o‘yinlari ba’zida ish vaqtida o‘tkazilayotgani, shu bois, muxlislar tashrifi kutilganidek bo‘lmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Agar o‘yin vaqti dam olish kuni yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilansa, stadionlar atrofida aholiga qiziqarli qo‘shimcha xizmatlar, musiqiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilinsa, o‘yin kunlari muxlislar uchun qulay transport qatnovi yo‘lga qo‘yilsa, raqib jamoa muxlislariga arzon futbol turpaketlari taklif qilinsa, klublar uchun 2-3 karra ko‘p tushum, muxlislar uchun mazmunli hordiq, tadbirkorlarga qo‘shimcha daromad bo‘ladi.

Mutasaddilarga mana shu ishlar orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Теглар

Мавзуга оид