Logo

Tadbirkorlar boshi uzra qora bulut — hafta dayjesti

Кеча 22:059 дақиқа

100 millionlik maosh, o‘zbekistonliklarning «pullanayotgan» shaxsiy ma’lumotlari va qayta uyg‘ongan «Imarat Development» mojarosi. O‘zbekistonda nimalar bo‘lyapti? Shu va boshqa yangiliklar bilan Vaqt.uz dayjestida tanishing.

Bu hafta 100 million so‘mlik oylik katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Prezident bilan uchrashgan «Zo‘r TV» xodimi shuncha maosh olishini aytdi. Shu kunlarda Toshkentda o‘rtacha oylik ish haqi 12 million 300 ming so‘mga yetgani ham ma’lum bo‘ldi. Hafta davomida prezident Turkiyaga safar qildi, kinochilar va shifokorlar bilan uchrashdi. «IMAN Invest» va «Imarat Development» kompaniyalari atrofidagi mojarolar, shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqqani haqidagi iddaolar ham kun tartibidan joy oldi.

Xullas, ortda qolayotgan hafta quvonarli yangiliklar va xavotirli voqealarga boy bo‘ldi. Haftaning eng muhim voqealari — hafta dayjestida.

Safe Road bazasidan ma’lumotlar sizib chiqdimi?

Davlatga ishonib topshirgan shaxsiy ma’lumotlarimiz xavfsizmi? Masalan, ism-familiyamiz, telefon raqamimiz, sog‘lig‘imiz haqidagi ma’lumotlar yoki oddiy qilib aytganda, qachon va qayerga borganimiz, nimalar buyurtma qilganimiz.

Bu hafta ko‘pchilikni qiynagan va o‘ylantirgan savol shu bo‘ldi. Sababi — ijtimoiy tarmoqlarda Safe Road tizimiga ulangan millionlab haydovchilarning pasport ma’lumotlari, fotosuratlari, telefon raqamlari va yashash manzillari haqidagi ma’lumotlar sizib chiqqani bo‘yicha xabarlar tarqaldi. Ayrim ma’lumotlar Telegram-botlar orqali pulli tarqatilayotgani aytildi. Biroq ma’lumotlar sizib chiqqani va uning ko‘lami rasman tasdiqlanmadi.

Dastlab bu holat yuzasidan munosabat bildirilmagan. Shubhalar ortgach, Safe Road (ayni paytda SAFE Service) kompaniyasi da’volarni asossiz deb atadi. Uning bildirishicha, tarqatilayotgan ma’lumotlar eski manbalardan olingan va kompaniyaga aloqador emas. Kompaniya haydovchilarning shaxsiy ma’lumotlari himoyalangan serverlarda saqlanishi hamda shifrlangan shaklda uzatilishini ta’kidladi. Shuningdek, holat yuzasidan tegishli davlat organlari bilan hamkorlik qilinayotgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, internetda inDrive, Lada Auto, KiwiTaxi, Fargo, Maktab.uz, Andalus va boshqa xizmatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bazalari tarqalgani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlar orqali foydalanuvchilarning xaridlari, buyurtmalari va hatto dorixonalardan sotib olgan dori vositalarigacha aniqlash mumkinligi aytilmoqda. Bu da’volar ham hozircha to‘liq tasdiqlanmagan. Ichki ishlar vazirligi mazkur holatlar yuzasidan: «Hozir tekshiruv ishlari olib borilmoqda», deya munosabat bildirdi.

O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay ishlay boshladi

Avtobus, metro, do‘kon yoki aeroportda to‘lov qilish uchun endi telefoningizni terminalga tekkizishning o‘zi kifoya. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio O‘zbekistonga kelganida e’lon qilingan xushxabarlardan biri ham Apple Pay va Google Pay xizmatlarining ishga tushirilishi bo‘lgandi.

Oradan bir hafta o‘tib, 27-oktabrdan O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay orqali kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. iPhone foydalanuvchilari Apple Wallet, Android foydalanuvchilari esa Google Wallet orqali bank kartalarini ulashi mumkin.

Hozirda Apple Wallet sakkizta, Google Wallet esa to‘qqizta bank tomonidan chiqarilgan ayrim Visa va Mastercard kartalarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq barcha turdagi kartalar ham ishlamasligi mumkin. Shu sababli foydalanuvchilarga o‘z kartalari ushbu xizmatlarga mos kelish-kelmasligini bankidan aniqlashtirish tavsiya etiladi.

Tadbirkorlar boshidagi qora bulut

Bu hafta tadbirkorlar bilan bog‘liq mojarolarga boy bo‘ldi. Biri — «IMAN Holding» bo‘lsa, ikkinchisi — «Imarat Development».

«IMAN Invest» atrofidagi mojaro Islom moliyasini muvofiqlashtirish kengashi a’zosi Mahmud Usmon 25-oktabr kuni kompaniya bilan hamkorlikni to‘xtatganini e’lon qilgach, keskinlashdi. Mahmud Usmonning xulosalariga ko‘ra, kompaniyada investorlar mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq jiddiy qoidabuzarliklar va bir necha million dollarlik kamomad aniqlangan.

Keyinchalik «IMAN Invest» kompaniyasi asoschisi Rustam Rahmatov bu da’volarni rad etib, kelishmovchilik Mahmud Usmonning xizmat haqlarini kamaytirish masalasi va kompaniya aksiyalaridan ulush berilmagani ortidan yuzaga kelganini aytdi.

Mahmud Usmon esa kompaniya rahbarining o‘ziga bildirgan e’tirozlariga javob qaytarib, moliyaviy hujjatlar va bir necha soatlik yig‘ilish yozuvlarini jamoatchilikka e’lon qilishini ma’lum qildi.

Mazkur masalada gap millionlar emas, milliardlar haqida ketmoqda. Tomonlar bir emas, bir necha marta munosabat bildirdi. «IMAN Invest»ga investitsiya kiritgan tadbirkorlarning esa boshi qotgan.

Vaqt.uz mazkur masala yuzasidan batafsil tahliliy maqola va videolar tayyorladi. Tomonlar bilan birga ekspertlar, jumladan, islomshunos olim Hasanxon Yahyo Abdulmajid domladan ham munosabat olindi. Mavzuga oid tahliliy videolarni YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz, maqolani esa saytimizda o‘qishingiz mumkin.

«Imarat Development» kompaniyasi haqida ko‘p eshitgansiz. Uning nomini reklamalarda yoki odamlarning noroziligiga oid xabarlarda ko‘rgan bo‘lishingiz mumkin. Kompaniya atrofida yana norozilik va mojarolar boshlandi. Pul to‘laganiga qaramay, uylarini o‘z vaqtida ololmayotgan xaridorlarning noroziligi aks etgan videolar tarmoqlarda tarqaldi.

Odamlar pul to‘laganiga qaramay, uylarini ololmayotgani, hatto uyini talab qilib borgan ayrim xaridorlarning mazasi qochganini ham ko‘rish mumkin.

Odamlar uylarini ololmayotganini aytayotgan bir vaqtda kompaniya asoschisi Marat Xayrullayevich o‘ziga va oilasiga bosim hamda tahdidlar bo‘layotganini aytmoqda.

Marat Xayrullayevich bildirgan iddaolar qanchalik asosli ekanini huquqni muhofaza qiluvchi organlarning munosabatidan keyingina bilishimiz mumkin. Hozircha rasmiylar jim. Siz bu qurilish kompaniyasidan uy xarid qilganmisiz? Orangizda uy kalitini olganlar bormi? Izohlarda yozib qoldiring.

Prezident bu hafta nimalar qildi?

Ortda qolayotgan haftada prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi, kino sohasi vakillari va tibbiyot xodimlari bilan muloqot o‘tkazdi. Tibbiyot xodimlaridan bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirladi. Shuningdek, Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida qatnashdi va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga Turkiyaga amaliy tashrif bilan bordi.

Keling, endi eng muhimlariga birma-bir to‘xtalamiz.

Shavkat Mirziyoyev hafta boshida, 26-oktabr kuni O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Kinochilar bilan uchrashuv

Tugayotgan haftada eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri — «Zo‘r TV» telekanalida faoliyat yurituvchi Dilshod Mirzamurodovning 100 million so‘m oylik olishi bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni «Renessans» kino uyida kinoijodkorlar bilan uchrashib, ularning fikrlarini tingladi. Uchrashuvda so‘zga chiqqan «Zo‘r TV» xodimi prezidentga 100 million so‘m maosh olishini aytdi.

Kimdir 100 million oylik olishini aytayotgan bir vaqtda, Toshkent shahrida o‘rtacha oylik maosh 12 million 300 ming so‘mga yetgani ma’lum bo‘ldi. Ammo O‘zbekiston bo‘yicha xodimlarning yarmi oyiga 4 million so‘m atrofida maosh oladi. Milliy statistika qo‘mitasi ilk bor mediana ish haqini ham hisoblab chiqdi. Bu ko‘rsatkich 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida 4 million 166 ming so‘m bo‘lgan. O‘rtacha oylik esa 7 million 274 ming so‘m. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foiz ko‘p degani.

Mediana nima degani? Masalan, besh xodim 3, 4, 5, 6 va 22 million so‘mdan maosh olsa, ularning o‘rtacha maoshi 8 million so‘m bo‘ladi. Ammo o‘rtadagi xodim 5 million so‘m oladi. Mana shu summa mediana deyiladi: xodimlarning yarmi undan kam, yarmi esa ko‘proq maosh oladi. Bunga 100 millionlik ayrimlarning maoshlari katta ta’sir qilmaydi. Shu sabab mediana ko‘pchilik qancha maosh olayotganini tushunishga yordam beradi. Hududlar bo‘yicha Toshkent shahridan keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati — 8,8 million, Toshkent viloyati esa 6,9 million so‘m bilan qayd etilgan. Qashqadaryo va Surxondaryoda aholi o‘rtacha 5 million so‘m maosh olmoqda.

Bu mamlakat bo‘ylab eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Sohalar bo‘yicha eng ko‘p maosh bank va moliya tizimida. Bu yo‘nalishda o‘rtacha maosh 19,7 million, axborot va aloqada 17 million so‘m. Ta’limda bu ko‘rsatkich 5 million, sog‘liqni saqlashda esa 4 million 450 ming so‘mni tashkil etgan.

Eslab-eslab

Davlat rahbari bilan uchrashuvda so‘zga chiqqan aktyor Farhod Abdullayev so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar haqida gapirdi.

Uchrashuvda prezidentning aktyorga qarata «eslab-eslab» degan gapi ham ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik davlat rahbari qanchalik band bo‘lmasin, ko‘rsatuvlarni kuzatib borishi va ularda nimalar yoritilayotganidan xabardor ekanini yozdi.

Uchrashuvda «O‘zbekfilm» davlat muassasasi o‘rnida yangi milliy kinokompaniya tashkil etilishi ma’lum qilindi. Yangi kompaniya filmlarni suratga olmaydi, balki loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targ‘ib qilish, tarqatish hamda xalqaro bozor va festivallarga olib chiqish bilan shug‘ullanadi. Filmlarni ishlab chiqarish esa xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Kinolarni moliyalashtirishda davlat buyurtmasi o‘rniga subsidiya tizimi joriy etiladi. Prezidentning ta’kidlashicha, avvalgi tizimda asosiy e’tibor sifatli film yaratishdan ko‘ra, belgilangan rejani bajarishga qaratilgan. 2027-yildan boshlab yangi kinokompaniya so‘roviga ko‘ra budjetdan mablag‘ ajratib boriladi.

Davlat rahbari milliy filmlar tomoshabinlarning o‘zgarib borayotgan didi va talabiga javob bermayotganini tanqid qildi. Kino sohasida sifatli ssenariylar yaratish, professional mutaxassislarni tayyorlash va filmlarni tarqatish tizimini rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Anqara safari: uchrashuvlar, kelishuvlar va yangi tashabbuslar

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-oktabr kuni rafiqasi, birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida amaliy tashrif bilan Anqaraga bordi. Uni aeroportda Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tashrif davomida Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Prezident Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham muloqot qildi. Bundan tashqari, Turkiyada yashovchi o‘zbekistonliklar bilan uchrashib, ularning ahvolini so‘radi.

Anqara safari Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti bilan davom etdi. Mirziyoyev sammitda turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi.

Ulardan biri — «Turkiy dunyo – 100» dasturi. U yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, «O‘rta koridor» va boshqa transport yo‘laklarini yagona iqtisodiy tizimga aylantirish, turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i va Turkiy turizm alyansini tashkil etish taklif qilindi.

Sammitda yana bir muhim tashabbus — 2027-yilni Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida «Tabiatni asrash yili» deb e’lon qilish masalasi ilgari surildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari turkiy davlatlar o‘rtasida ID-karta orqali safar qilish imkoniyatini kengaytirish, chegaradan o‘tish va davlatlar hududida bo‘lish tartibini soddalashtirishni taklif qildi.

«Dok-1 Maks» jabrlanuvchilariga 65,2 mlrd so‘m budjetdan to‘landi

«Dok-1 Maks» va «Ambronol» dorilaridan jabrlangan bolalar oilalariga to‘lanmay qolgan kompensatsiyaning asosiy qismi davlat budjetidan qoplandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, buning uchun 65,2 milliard so‘m ajratilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard so‘m kompensatsiya undirilishi belgilangan edi. Biroq aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotish cho‘zilgani sababli avvaligi atigi 16,8 milliard so‘mi to‘langan.

Hozirga qadar 88 nafar jabrlanuvchining oilalariga jami 80 milliard so‘m berilgan. Jumladan, vafot etgan 72 bolaning oilalariga 72,2 milliard so‘m, davolangan yoki davolanayotgan 16 bolaning oilalariga esa 7,8 milliard so‘m to‘langan. Qolgan 2 milliard so‘m bank kartalari bilan bog‘liq texnik muammolar hal qilingach, yana ikki bolaning oilalariga beriladi.

Budjetdan ajratilgan mablag‘ keyinchalik aybdorlarning mol-mulkini sotish va ulardan undiriladigan pullar hisobidan davlatga qaytarilishi aytilgan. Vazirlik jabrlangan oilalarga qo‘shimcha tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish ishlari ham olib borilayotganini bildirdi.

Toshkentda isitish qachon boshlanadi?

Havo ancha sovib qoldi. Kuzning ikkinchi oyi nihoyasiga yetayotganiga qaramay, hali aytarli yomg‘ir ham yoqqani yo‘q. Ayniqsa, issiqlik tizimi bir vaqtda yoqiladigan ko‘p qavatli uylarda sovuq allaqachon sezila boshladi. Ko‘pchilikni esa bitta savol qiziqtiryapti: uylarni isitish qachon boshlanadi?

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, isitish mavsumini boshlash uchun o‘rtacha sutkalik havo harorati ketma-ket besh kun davomida +8 darajadan past bo‘lishi kerak. Hozircha isitishni yoqishning aniq sanasi belgilanmagan. Hokimlik ob-havo keskin sovib ketsa, issiqlik berishni boshlash qarori kechiktirilmasligini bildirgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, o‘tgan yillardagi kabi haqiqiy ob-havo sharoitlari ham inobatga olinadi. Agar poytaxtda havo keskin sovib ketsa, issiqlik uzatishni boshlash to‘g‘risidagi qaror kechiktirilmaydi va isitish mavsumi ertaroq boshlanishi mumkin.

Isitish mavsumi boshlanishini kutayotgan paytda esa xavfsizlikni ham unutmang. Havo sovib, isitish moslamalaridan foydalanish ortmoqda. Bunday paytda xavfsizlik qoidalariga beparvo bo‘lmang.

25-oktabr kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida is gazidan 6 kishi vafot etdi, yana 2 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, hodisa ta’mirlanayotgan xususiy uyda yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarda isitish qozoni xavfsizlik talablariga javob bermagani va gaz tarmog‘iga tegishli texnik shartlarsiz ulangani aytilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang!


Теглар

Феруза Нажмиддинова

Феруза НажмиддиноваМақолалар сони: 20

Барчаси

Мавзуга оид