Tadbirkorlarga yengillik: soliq chegarasi 5 baravarga oshiriladi

Бугун 19:112 дақиқа

O‘zbekistonda kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tish chegarasi 5 mlrd so‘mga oshiriladi. QQS soddalashtiriladi va soliq tekshiruvlari kamaytiriladi. Prezident yangi takliflarni ma’qulladi.

Tadbirkorlarga yengillik: soliq chegarasi 5 baravarga oshiriladi © prezident.uz

Toshkentda kichik biznes subyektlari o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu takliflar taqdimoti bilan tanishdi va ularni ma’qulladi. Bu haqda 2026 yil 26-may kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda ma’lum qilindi. Yangi chora-tadbirlar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyekti uchun qonuniy o‘sish imkoniyatini oshirishi kutilmoqda. Shuningdek, soliq bazasi shaffoflashishi hisobiga budjetga yiliga kamida 2 trillion so‘m qo‘shimcha tushum tushishi prognoz qilinmoqda.

Taqdimotda bildirilgan taklifga ko‘ra, 2026 yil 1-iyundan boshlab kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdor amaldagi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshiriladi. Amaldagi 1 milliard so‘mlik chegara 2019 yilda belgilangan bo‘lib, o‘tgan davrda narxlar sezilarli ravishda oshgani sababli, ayrim tadbirkorlar ushbu chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta subyektga bo‘lish amaliyotiga o‘tayotgani kuzatilgan.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etilishi tashabbusi ilgari surildi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6 foiz stavkada QQS to‘lab, foyda solig‘idan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Bu orqali kichik biznes uchun soliq hisoblash va to‘lash jarayoni soddalashishi, ma’muriy yuk kamayishi hamda aylanmalarni yashirish va biznesni sun’iy bo‘lishga rag‘bat pasayishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda QQS ma’muriyatchiligidagi murakkabliklar ham tahlil qilindi. QQSga o‘tgan tadbirkorlarda hisobotlar soni 2 baravarga oshmoqda va 2025 yilda hisobotlarda xato aniqlangan soliq to‘lovchilarning 77 foizi QQS to‘lovchilarining hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bois, quyidagi tartiblarni joriy etish taklif qilindi:

• Past xavf darajasiga ega tadbirkorlar uchun QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish;
• QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibini bekor qilish;
• Import bo‘yicha majburiy QQSga o‘tish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish;
• Bank hisobraqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish.

Ma’muriy bosimni kamaytirish maqsadida tadbirkorga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini berish, soliq xavfi 500 million so‘mgacha bo‘lgan holatlarda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazmaslik tartibini joriy etish taklif etildi.

Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida ham bir qator yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda realizatsiya qilishga ruxsat berish, QQSning bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushiga doir talabni bekor qilish hamda ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tarzda rasmiylashtirish taklif qilindi.

Davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, kichik biznesga qulay va adolatli sharoit yaratish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlar faoliyatini kengaytirishga rag‘batlantirish va ishonchini mustahkamlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Теглар

Мавзуга оид