Tadbirkorlikda yangi davr boshlandi
Biznes vakillarini katta o‘zgarishlar kutmoqda. Endi noo‘rin tekshirish va ma’muriy bosimlar to‘xtatiladi. Jarimalar ham 2 baravargacha qisqartirildi. Biznesga sun’iy intellekt kirib keladi.
«Tadbirkorga shunchaki kredit berish emas, uni katta biznesga aylangunicha yelkadosh bo‘ladigan tizim yaratamiz». Bu gapni prezident aytdi. Xorazmga borib tadbirkorlar bilan uchrashgan davlat rahbari yana nimalar dedi? Endi bu sohada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Xorazmda tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotni o‘tkazdi. Unda 500 ga yaqin soha vakili bevosita, hududlardan esa yana 25 mingdan ziyod biznes vakillari onlayn qatnashdi. Bu uchrashuvdan maqsad — davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatni «nazorat qiluvchi»dan «qo‘llab-quvvatlovchi va hamkor» modeliga o‘tkazish bo‘ldi. Muloqot davomida ushbu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan yo‘nalishlar bo‘yicha muhim qarorlar e’lon qilindi.
O‘zbekiston rahbari mamlakatning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga faol hissa qo‘shayotgan 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini tadbirkorlar kuni bilan tabrikladi. Besh yil oldin tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish an’anasi boshlanganidan buyon biznesga to‘siq bo‘lgan minglab masalalarga yechim berilgani, bu borada 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilingani urg‘ulandi.
«Nima uchun? Tadbirkorlarimizga sharoit yaratib, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarimizni uzoqqa bormasdan, mahallasining o‘zida daromadli qilish uchun!» — dedi prezident.
Ma’muriy bosim va tekshiruvlar cheklov
Ilgari barcha turdagi tadbirkorlar va kichik biznes subektlarining eshigi turli davlat organlari tomonidan qoqilar va muntazam ravishda tekshiruvlardan o‘tkazilar edi. Endi bunday bo‘maydi. Sababi O‘zbekistonda kichik biznesda inson sog‘ligi va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirish uchun uch yil muddatga moratoriy e’lon qilinadi.
O‘zbekiston prezidenti so‘nggi uch yilda soliq yuki 13,4 foizdan 12 foizga, o‘n yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan 26 foizga tushganini aytdi.
«Iqtisodiyotni «soya»dan chiqarish tekshirish bilan emas, tadbirkorga yo‘l ko‘rsatib, to‘g‘ri ishlashga o‘rgatish orqali bo‘lishi kerak», — dedi Mirziyoyev.
Kredit olishda yengilliklar
Endi banklar tadbirkor ortidan chopadi, davlat esa tadbirkorga birinchi qadamdan to katta biznesga aylanguncha yelkadosh bo‘ladi.
Mirziyoyevning aytishicha, banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan, birinchi yarim yillikning o‘zida sohaga 76,5 trillion so‘m resurs ajratilgan. Yaqinda ishga tushirilgan «Kredit xizmatlari yagona raqamli portali» orqali esa tadbirkor bitta ariza beradi va banklar mijoz uchun raqobat qiladi, natijada yangi faoliyat boshlayotganlar 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Uchrashuvda biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratilishi aytildi. Xususan, yangi faoliyat boshlayotganlar uchun «Biznes start», ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlarga «Biznes lift» hamda yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun «Biznes yuksalish» dasturlari joriy etiladi. «Biznes start» doirasida tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida loyiha, kredit hujjatlari va hisobot yuritishni o‘rganadi, buning uchun 100 milliard so‘m ajratilib, tayyor biznes-reja va 200 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
«Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz», — dedi davlat rahbari.
Biznesga sun’iy intellekt kirib keladi
Endi davlat tadbirkorlarga texnologiya va SI tizimlarini joriy etishda bevosita homiy hamda hamkor bo‘ladi. Xo‘sh, biznesga raqamli texnologiyalar qanday kirib keladi va buning uchun xarajatning necha foizi budjetdan qoplanadi?
Davlat rahbari «sun’iy intellekt — boshqaruv samaradorligi — yangi investitsiyalar» ekotizimini yaratish vazifasini belgiladi.
«Bugun qaysi tadbirkor qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirsa, sun’iy intellekt yordamida unumdorlikni oshirsa, tannarx bo‘yicha izlansa, ertangi bozor uniki», — dedi prezident.
Yig‘ilishda aytilishicha, zamonaviy boshqaruv va sun’iy intellektni joriy etgan tadbirkorlarda talab 54 foizga, daromad 40 foizga oshib, tannarx 25 foizga kamaygan. Bu jarayonni qo‘llash uchun raqamli hukumat markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi va kelasi yili uning quvvati 3 baravarga oshiriladi.
«10 ming korxona uchun — sun’iy intellekt hamkor» dasturi doirasida korxonalarga SI joriy etish xarajatining 50 foizi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot xarajatlari budjetdan qoplanadi. Yangi modellarni yaratishda esa superkompyuterdan bepul foydalanish imkoni beriladi.
Garov muammosiga nuqta qo‘yildi
Biznes boshlamoqchisiz-u, lekin garovga qo‘yishga mulkingiz yo‘qmi? Yoki bankma-bank yurib charchadingizmi? Prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda aynan shu muammoga ham nuqta qo‘yadigan va biznesni noldan ko‘taradigan mutlaqo yangi tizimni e’lon qildi.
10 milliard so‘mgacha kreditda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
Davlat aktivlarini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi, 6 oyda to‘liq to‘laganlarga 25 foiz chegirma beriladi. Yarmini to‘laganlar qolganini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin. 3 oyda sotilmagan mulk narxi 10 foizgacha arzonlashtiriladi, autsion muddati 2 baravar qisqaradi.
Shuningdek, tadbirkorlar uchun barcha turdagi moliyaviy jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobarga kamaytirilishi, ASKUE va ASKUG tizimlariga ulangan hamda to‘lov intizomini buzmagan korxonalar elektr energiyasi va gaz uchun oldindan to‘lovni 15 foizga tushirishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, Xorazmda umumiy qiymati 176 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilib, xorijiy hamkorlar ishtirokida 7,4 milliard dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start berildi.
Теглар






