Logo

Talabalar uchun o‘zgargan dars vaqti, ozodlikka chiqayotgan yuzlab mahkumlar va 10 yilda 3 barobar oshgan pensiya — 27-avgust dayjesti

Кеча 23:173 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Talabalar uchun o‘zgargan dars vaqti, ozodlikka chiqayotgan yuzlab mahkumlar va 10 yilda 3 barobar oshgan pensiya — 27-avgust dayjesti

O‘zbekiston iqtisodiyoti yarim yilda 8,5 foizga o‘sdi

2026 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga o‘sib, 1,07 kvadrillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘sishga asosan xizmatlar (16,9 foiz), qurilish (13,8 foiz) va sanoat (8 foiz) sohalaridagi yuqori faollik, shuningdek, ichki va investitsion talabning kuchayishi sabab bo‘ldi. Prezident iqtisodiyotni yiliga 9–10 foizga o‘stirish maqsadini belgilagan bo‘lsa-da, Markaziy bank yil yakuni bo‘yicha o‘sishni 7,5–8 foiz atrofida prognoz qilmoqda.

Iqtisodiy o‘sish fonida mamlakatda kambag‘allik darajasi 5,8 foizgacha pasaydi va aholi jon boshiga daromadlar oshdi, biroq hududlar o‘rtasidagi tafovut hanuz yuqoriligicha qolmoqda (Toshkent shahridagi daromad Qoraqalpog‘istondagidan 3,6 baravar ko‘p). Shu bilan birga, yuqori iqtisodiy faollik inflyatsion bosimni kuchaytirishi va infratuzilmaga (elektr energiyasi, transport, suv) qo‘shimcha yuklama berishi xavfi mavjudligi ta’kidlanmoqda.

Mustaqillik arafasida 852 kishi afv etildi

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 852 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ulardan 604 nafari (qariyb 71 foizi) jazoni o‘tashdan to‘liq ozod qilinadi, 115 nafari muddatidan ilgari shartli ozodlikka chiqariladi, 52 kishining jazosi yengilrog‘iga almashtiriladi va 81 mahkumning jazo muddati qisqartiriladi.

Afv etilganlar orasida 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol hamda 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor. Shuningdek, mazkur farmon doirasida 7 nafar chet el fuqarosi va taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan 63 nafar shaxs ham afv qilinganlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Toshkentdagi OTMlarda darslar endi soat 08:00da boshlanadi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida birinchi smena darslari soat 08:00 da boshlanadi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yangi tartib poytaxt yo‘llaridagi ertalabki va kechki tirbandliklarni kamaytirish, transport oqimini maqbullashtirish hamda talabalar va o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish maqsadida joriy etilmoqda.

Ushbu o‘zgarish kunduzgi va kechki ta’lim shakllaridagi talabalar uchun o‘quv jarayoni hamda boshqa faoliyatlarga vaqt imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi o‘quv yilida darslar 1-bosqich talabalari uchun 7-sentabrdan, 2-bosqich va undan yuqori kurs talabalari uchun esa 14-sentabrdan boshlanishi belgilangan bo‘lib, OTM rahbariyati hamda pedagoglardan bunga tegishlicha tayyorgarlik ko‘rish so‘ralgan.

O‘zbekistonda pensiya so‘nggi 10 yilda qanchaga oshdi?

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik pensiya miqdori so‘nggi 10 yil ichida 3,3 baravarga oshgan. Xususan, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 494,2 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yillar davomidagi muttasil o‘sish natijasida 2025 yilga kelib 1 mln 649,2 ming so‘mga yetgan.

Mamlakat bo‘yicha eng ko‘p pensionerlar Farg‘ona viloyatida istiqomat qiladi. Umumiy hisobda Farg‘ona, Samarqand, Andijon va Qashqadaryo viloyatlari respublikadagi jami pensionerlarning 41 foizini qamrab oladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida pensiya tayinlashda ish stajini o‘zaro hisobga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Xitoy va Nepal rahbarlariga hamdardlik bildirdi

Joriy yilning 26-avgust kuni Nepal va Xitoyning Tibet muxtor rayoni chegarasida yuz bergan zilzila oqibatida ulkan muzlik ko‘chishi va halokatli suv toshqinlari sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat natijasida daryolarda suv sathi keskin ko‘tarilib, atrofdagi aholi punktlari, yo‘llar, ko‘priklar va infratuzilma obyektlari vayron bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Nepaldagi toshqinlar oqibatida kamida 353 kishi halok bo‘lgan va 800 dan ortiq inson bedarak yo‘qolgan bo‘lib, hozirda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Теглар

Мавзуга оид