Ta’lim sohasi rahbarlari korrupsiya profilaktikasi doirasida qamoqxonaga tashrif buyurdi
Mazkur profilaktik tashriflar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida davlat xizmatchilarida korrupsiya holatlarining oqibatlari bo‘yicha tushunchalar shakllantirish maqsadida qilinmoqda.
© Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiMaktabgacha va maktab ta’limi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirokida Olmaliq shahridagi 14-son jazoni ijro etish muassasasiga profilaktik tashrif uyushtirildi.
Mazkur profilaktik tashriflar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida davlat xizmatchilarida korrupsiya holatlarining oqibatlari bo‘yicha tushunchalarni shakllantirish maqsadida qilinmoqda.
Rejaga muvofiq, profilaktik tashriflarga davlat boshqaruvi organlari rahbarlari va mas’ul xodimlari bosqichma-bosqich jalb etilmoqda.
Ekskursiya davomida jazoni ijro etish muassasasidagi sharoitlar, saqlash kameralari hamda muassasa infratuzilmasi bilan tanishtirildi. Shuningdek mahkumlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Avvalroq, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Kadastr agentligi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida ham xuddi shunday ekskursiya o‘tkazilgan edi. Ushbu tashabbus 2026 yilga mo‘ljallangan Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilmoqda.





