TikTok bolalarning roziligisiz ma’lumotlarini yig‘gani uchun 400 million dollar to‘laydi
2023-yilda AQSH rasmiylari TikTok’ni Xitoyning «Troya oti» deb atagan edi. O‘shanda Milliy xavfsizlik agentligi Xitoy tomoni ma’lumotlardan foydalanib, Amerika jamiyatida «kelishmovchiliklar» keltirib chiqarish uchun manipulyatsiya qilishi mumkinligini bildirgan.
© Ijtimoiy tarmoqlarTikTok va AQSH Adliya vazirligi bolalarning internetdagi shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun buzilgani haqidagi ish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kompaniya va uning bosh korporativ tuzilmasi ByteDance 400 million dollar to‘laydi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, da’vo arizasi berilganidan keyin TikTok’da boshqaruv tuzilmasi, qonun talablariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi va foydalanuvchilar maxfiyligini himoya qilish yondashuvlariga o‘zgartirishlar kiritilgan. Vazirlik, shuningdek, ushbu kelishuv shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha tovon puli miqdori jihatidan eng yirik kelishuvlardan biri ekanini ta’kidladi.
Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv doirasida TikTok voyaga yetmagan foydalanuvchilarni himoya qilish choralarini kuchaytirgan, yosh bo‘yicha cheklovlar nazoratini yaxshilagan va ota-onalar nazorati imkoniyatlarini kengaytirgan. Kelishuv kompaniya qonunni buzganini tan olmasdan turib, ishni yopishni nazarda tutadi.
2024-yilda AQSH Adliya vazirligi TikTok va ByteDance’ga qarshi bolalarning internetdagi shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganlikda gumon qilib, sudga da’vo kiritgan. Vazirlikning ta’kidlashicha, platforma 13 yoshdan kichik foydalanuvchilarga akkaunt ochishga imkon bergan va ularning shaxsiy ma’lumotlarini ota-onalarining roziligisiz to‘plagan.
2023-yilda AQSH rasmiylari TikTok’ni Xitoyning «Troya oti» deb atagan edi. O‘shanda Milliy xavfsizlik agentligi Xitoy tomoni ma’lumotlardan foydalanib, Amerika jamiyatida «kelishmovchiliklar» keltirib chiqarish uchun manipulyatsiya qilishi mumkinligini bildirgan.





