Tojikiston budjet shaffofligi reytingida o‘z pozitsiyasini yaxshiladi

Бугун 14:464 дақиқа

Biroq davlat moliyasining ochiqlik darajasi hali ham xalqaro standartdan past bo‘lib qolmoqda.

Tojikiston budjet shaffofligi reytingida o‘z pozitsiyasini yaxshiladi © Asia Plus

Tojikiston 2025-yilgi Budjet shaffofligi indeksida mumkin bo‘lgan 100 balldan 47 ball to‘pladi. Bu 2023-yildagi so‘nggi baholashga nisbatan 14 ballga yuqori. Biroq ko‘rsatkich o‘sganiga qaramay, mamlakat moliyaviy siyosatini yetarli darajada shaffof deb baholash uchun bu natija hali ham kamlik qiladi, chunki qabul qilinishi mumkin bo‘lgan daraja 61 balldan yuqori hisoblanadi.

«International Budget Partnership» tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida bu yilgi reytingda faqat Tojikiston va Qirg‘iziston baholangan. Qirg‘iziston 69 ball bilan belgilangan minimal chegaradan yuqori natija qayd etgan.

Shu bilan birga, Tojikiston Xitoy (19 ball) va Afg‘onistonni (0 ball) ortda qoldirgan.

1


Manbaga ko‘ra, reyting budjetga oid 8 ta asosiy hujjatning o‘z vaqtida internetda e’lon qilinishi asosida shakllantiriladi. Xulosada aytilishicha, Tojikiston bu hujjatlarning ayrimlarini e’lon qiladi, ammo boshqalari yo kechikib chiqariladi yoki umuman to‘liq ochiq emas.

Xususan, hujjatlar ochiqligi quyidagicha baholangan:
– Budjet bo‘yicha dastlabki bayonot – 56 ball
– Davlat budjeti loyihasi – 54 ball
– Tasdiqlangan budjet – 83 ball
– Fuqarolar budjeti –50 ball
– Joriy hisobotlar – 59 ball
– Yarim yillik budjet sharhi – 48 ball
– Yillik hisobot – tayyorlanmaydi
– Auditorlik hisoboti – 38 ball.

Baholashlarga ko‘ra, Tojikiston bir qator yo‘nalishlarda ilgarilagan. Jumladan, mamlakat ilk bor yarim yillik budjet sharhini onlayn e’lon qilgan, budjet loyihasidagi ma’lumotlar hajmini kengaytirgan, shuningdek, davlat qarzi va xarajatlar haqidagi ma’lumotlarni dastlabki budjet bayonotida batafsilroq joylashtirgan.

Biroq tarmoq qayd etishicha, ayrim muammolar saqlanib qolmoqda va muhim ma’lumotlarning bir qismi endi e’lon qilinmaydi. Xususan, xarajatlarni iqtisodiy guruhlar bo‘yicha taqsimlash chiqarib tashlangan, yillik budjet hisoboti tayyorlanmaydi, moliyaviy xavflar va qarzlar haqidagi ma’lumotlar esa yetarli emas.
Ya’ni, budjet hujjatlarining to‘liqligi hali ham yetarli darajada emas va ayrim hujjatlarda e’lon qilinayotgan ma’lumotlar hajmi qisqargan.
 
Jamoatchilik ishtiroki – 100 balldan 17 ball

Bu reytingda davlat budjeti jarayonida fuqarolar ishtirokining darajasi bo‘yicha Tojikiston atigi 17 ball to‘pladi. Bu esa fuqarolarning budjetni ishlab chiqish jarayonida ishtirok etish imkoniyatlari cheklanganini, jamoatchilik muhokamalari kam o‘tkazilishini va nodavlat tashkilotlar ishtirokining zaifligini anglatadi.
Shu bilan birga, bu ko‘rsatkich avvalgi natijalardan yuqoriroq hisoblanadi. 2023-yilda Tojikiston budjet jarayonida jamoatchilik ishtiroki bo‘yicha 100 balldan atigi 7 ball olgan edi. Undan avval esa respublika bu yo‘nalishda umuman ballga ega bo‘lmagan.


Avvalgi tadqiqot natijalari taqdimotida Uktam Jumayev – «International Budget Partnership»ning Tojikistondagi mustaqil eksperti va reyting tadqiqotini o‘tkazgan mutaxassis – jamoatchilik ishtirokini muhim omillardan biri deb atagan.

«Budjet jarayonining barcha bosqichlarida jamoatchilik ishtiroki budjet mablag‘laridan samarali foydalanish va davlat moliyasi sohasida korrupsiya darajasini kamaytirishning juda muhim elementi hisoblanadi», – degan u.

Tojikistonga nimalar tavsiya qilinmoqda?

«International Budget Partnership» Tojikistonning mazkur indeksdagi o‘rni va budjet shaffofligini yaxshilash uchun quyidagi choralarga ustuvor ahamiyat berishni tavsiya qildi:

– Yillik budjet hisobotini xalqaro ilg‘or amaliyotlarga muvofiq tarzda o‘z vaqtida va muntazam internetda e’lon qilish hamda bu jarayonni doimiy tizimga aylantirish.
– Fiskal xavflar va makroiqtisodiy prognozlar haqida to‘liqroq ma’lumot joylashtirish. Jumladan, davlat tashkilotlariga mablag‘ o‘tkazish, kvazifiskal faoliyat, aktivlar, to‘lanmagan xarajat qarzdorliklari, majburiyatlar va moliyaviy barqarorlik, shartli majburiyatlar hamda sezgirlik tahlili haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish.
– Davlat budjeti loyihasida xarajatlar haqidagi ma’lumotlarni iqtisodiy tasnif bo‘yicha e’lon qilish.

– Tojikiston Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi tomonidan tayyorlangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni dastlabki budjet bayonoti bilan birga e’lon qilish.
– Auditorlik hisobotini yaxshilash: ijroiy xulosa tayyorlash va audit tavsiyalarini bajarish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilgan aniq choralarni ochiq e’lon qilish.
– Yarim yillik budjet sharhini takomillashtirish: moliyaviy yilning qolgan qismi uchun davlat qarzi, daromadlar, xarajatlar va dasturlar bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni berish, shuningdek dastlabki makroiqtisodiy prognozlarni amaldagi natijalar bilan taqqoslash.


Mazkur indeks Tojikistonning so‘nggi o‘n yil davomidagi pozitsiyasidagi o‘zgarishlarni ham baholaydi. Unga ko‘ra, 2015–2025 yillarda mamlakat ballari turlicha o‘zgarib borgan.

2


Ta’kidlash joizki, Tojikistonning ilk Budjet shaffofligi indeksi «International Budget Partnership» tomonidan 2012-yilda baholangan. O‘sha yili mamlakat 100 balldan 17 ball to‘plab, sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari orasida eng so‘nggi o‘rinni egallagan edi.

Теглар

Мавзуга оид