Tojikiston yarim yilda chetdan umumiy bojxona qiymati 350,3 million dollarlik mashina sotib oldi
Elektromobillar esa jami importning 22,2 foizini tashkil etadi, ya’ni har beshta avtomobildan bittasidan ko‘prog‘i elektromobildir.

2026-yil yanvar–iyun oylarida Tojikistonga qariyb 31,9 mingta yengil avtomobil olib kirildi. Respublika Bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ularning umumiy bojxona qiymati 350,3 million dollarni tashkil etdi. Bu mamlakat umumiy importi qiymatining 6,7 foiziga teng.
2025-yilning shu davriga nisbatan import qilingan avtomobillar soni 1695 taga yoki 5,6 foizga oshgan.
Eng ko‘p avtomobillar Janubiy Koreyadan olib kirilgan — 11 ming 256 ta. Ularning bojxona qiymati qariyb 73,1 million dollarni tashkil etgan. Ikkinchi o‘rinda Xitoy bo‘lib, u yerdan 9386 ta avtomobil 140,2 million dollar qiymatida import qilingan.
Yaponiyadan 5577 ta avtomobil (61,1 million dollar), Germaniyadan 2618 ta (36,9 million dollar), AQSHdan esa 2541 ta avtomobil (26,4 million dollar) olib kirilgan.

Bu besh davlat hissasiga jami 31 ming 378 ta avtomobil yoki barcha importning 98,4 foizi to‘g‘ri keladi. Qolgan 497 ta avtomobil esa Buyuk Britaniya, BAA, Tailand, Litva, Gruziya, Eron va yana yigirmadan ortiq davlatdan olib kelingan.
Ta’kidlash joizki, keltirilgan qiymatlar bojxona qiymati hisoblanadi. Unga avtomobilning bozordagi yakuniy narxi, ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari va sotuvchilarning ustamasi kiritilmagan.
7 mingdan ortiq elektromobil
Import qilingan avtomobillarning kamida 7069 tasi elektromobil bo‘lgan. Bu jami importning 22,2 foizini tashkil etadi, ya’ni har beshta avtomobildan bittasidan ko‘prog‘i elektromobildir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston yil yakunigacha iqtisodiy o‘sishni kamida 8 foizda saqlab qolmoqchiligi haqida yozgandi.





