Logo

Tomi qulagan metro bekati, 48 darajagacha kutilayotgan jazirama va chala uyga odam ko‘chirganlar uchun qamoq jazosi — 16-iyul dayjesti

Кеча 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Tomi qulagan metro bekati, 48 darajagacha kutilayotgan jazirama va chala uyga odam ko‘chirganlar uchun qamoq jazosi — 16-iyul dayjesti

Foydalanishga topshirilmagan uyga odam ko‘chirganlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin

Qonunchilik palatasi foydalanishga rasman qabul qilinmagan ko‘p qavatli uylarga aholini ko‘chirib kiritganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik joriy etishni ma’qulladi. Qonun loyihasiga ko‘ra, bunday holatga yo‘l qo‘ygan buyurtmachi yoki pudratchiga 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2–3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 7 yilda shaharsozlik talablariga rioya qilinmasdan qurilgan 383 ta ko‘p qavatli uydagi 20 mingdan ortiq xonadon sotilgan. Shuningdek, hali foydalanishga topshirilmagan 136 ta uyda 8 mingdan ziyod aholi yashayotgani aniqlangan. Mavjud ma’muriy jazolar kutilgan samarani bermagani uchun qonunchilikni kuchaytirish taklif etilgan.

«Infinbank»ning asosiy aksiyadori Farhod Mamajonov Perfectum'ning 50 foiz ulushini sotib oladi

Raqobat qo‘mitasi tadbirkor, «Infinbank»ning asosiy aksiyadori Farhod Mamajonov tomonidan Perfectum mobil operatoriga egalik qiluvchi «Rubicon Wireless Communication» MCHJning 50 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berdi. Qo‘mita tahlillariga ko‘ra, ushbu bitim bozordagi raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Farhod Mamajonov «Infinbank»ning 44,67 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Shuningdek, u «Uztex Tashkent», «Azia Trans Terminal», «Rakat Plaza», «Sofa Marva Tour» kabi qator kompaniyalarda ham ulushga ega. Joriy yil may oyida esa u «Safo Airlines» aviakompaniyasini tashkil etgan edi. Raqobat qo‘mitasi qarori kuchga kirgach, tadbirkor Perfectum mobil operatorining yarim ulushiga ega bo‘lishi mumkin.

O‘zgidromet harorat yanada ko‘tarilishidan ogohlantirdi

18−20-iyul kunlari O‘zbekistonga janubdan juda issiq havo oqimi kirib kelishi davom etadi, deb xabar berdi O‘zgidromet.

Ma’lum qilinishicha, hududlarda issiq +43...+45 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +46...+48 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Shuningdek, respublika bo‘yicha shamol tezligi sekundiga 13-18 metrgacha, ba’zida 20-22 metrgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston 4,2 million tonna bug‘doy sotib olishi kerak — FAO

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) prognoziga ko‘ra, 2026–2027 marketing yilida O‘zbekiston chetdan 4,2 million tonna bug‘doy va un import qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatda bug‘doyga bo‘lgan ichki talabning yuqoriligi hamda un ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi bilan izohlanmoqda. Shu bilan birga, joriy yilda don hosili yaxshi bo‘lishi kutilmoqda — umumiy ishlab chiqarish hajmi 9 million tonna, shundan 7,3 million tonnasi bug‘doy hissasiga to‘g‘ri kelishi prognoz qilingan.

FAO ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonning bug‘doy uni importi qariyb 70 foizga oshgan. Asosiy import Qozog‘istondan keltirilayotgan yuqori sifatli bug‘doy hisobiga ta’minlanmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda inflatsiya 2026 yil may oyida 5,5 foizgacha pasaygan bo‘lsa-da, birinchi navli bug‘doy uni narxlari hali ham o‘tgan yilgi darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda. Bunga ishlab chiqarish xarajatlari va import qilinadigan bug‘doy narxining qimmatlashgani asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.

«Turon» metro bekati tomining bir qismi qulab tushdi

Toshkent metropolitenining «Yer usti halqa» yo‘nalishidagi «Turon» metro bekatida tom konstruksiyasining bir qismi siljib tushdi. Hodisa 16-iyul kuni soat 14:34 da sodir bo‘lgan bo‘lib, oqibatda ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan. Ularga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Hodisadan so‘ng harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida mazkur bekat orqali poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. «Toshkent metropoliteni» ma’lum qilishicha, hozirda mutaxassislar tomonidan texnik o‘rganish ishlari olib borilmoqda va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, yo‘lovchilar uchun «Qipchoq» va «Quruvchilar» metro bekatlari o‘rtasida bepul metrobuslar harakati tashkil etildi.

Теглар

Мавзуга оид