Logo

To‘qayev Qozog‘istonning tashqi siyosat konsepsiyasidan Nazarboyevga oid ma’lumotlarni olib tashladi

Бугун 10:552 дақиқа

Nazarboyev lavozimidan ketganidan keyin ham «Elboshi» — millat yetakchisi maqomini saqlab qolgan. Bu maqom unga umrbod imtiyozlar bergan. Masalan, u prezidentlik davrida yoki undan keyin birinchi prezident maqomida qilgan harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas edi.

To‘qayev Qozog‘istonning tashqi siyosat konsepsiyasidan Nazarboyevga oid ma’lumotlarni olib tashladi

Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘istonning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan Tashqi siyosat konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda bir qator jumlalar yangilandi. Xususan, konsepsiyadan Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning bevosita nomi olib tashlandi.

Avvalgi tahrirda Qozog‘iston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari qatorida «mamlakat rivojining yangi bosqichida birinchi prezident — elboshi N.A. Nazarboyevning tashqi siyosiy kursining davomiyligi» degan jumla bor edi.

Yangi tahrirda esa bu band boshqacha shaklda yozilgan: «mamlakat rivojining yangi bosqichida tashqi siyosiy kursning davomiyligi».

Shuningdek, konsepsiyadan Nazarboyevga Qozog‘iston xalqiga, davlat organlari va mansabdor shaxslariga tashqi siyosatning muhim masalalari bo‘yicha tashabbuslar bilan murojaat qilish huquqini beruvchi band ham olib tashlandi. Avval ushbu huquq uning «tarixiy missiyasi» hamda «Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti — elboshi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun qoidalari bilan asoslangan edi.

O‘zgarishlar Qozog‘istonning tashqi siyosiy imijini shakllantirish vositalariga ham taalluqli bo‘ldi. Avval mamlakatning mintaqaviy va global siyosat hamda iqtisodiyot sohasidagi qarashlari va tashabbuslari haqida jahon jamoatchiligiga ma’lumot berish uchun, jumladan, Ostona iqtisodiy forumi, Yevroosiyo media forumi va «Astana Club» kabi platformalardan foydalanish rejalashtirilgan edi. Yangi tahrirda esa bu ro‘yxatda faqat Xalqaro Ostona forumi qoldirildi.

O‘zgarishlarning alohida bir qismi mamlakatning siyosiy tizimiga bog‘liq. Konsepsiyaga Qurultoy Qozog‘istonning qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy vakillik organi ekani haqidagi jumla kiritildi.

Farmon u imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi

Qozog‘istonning 2030-yilgacha bo‘lgan Tashqi siyosat konsepsiyasining avvalgi tahriri 2020-yilning mart oyida tasdiqlangan edi. Ushbu hujjat dunyo va mintaqadagi vaziyatdagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda mamlakat tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan.

Nursulton Nazarboyev 1991-yildan 2019-yilgacha Qozog‘iston prezidenti lavozimida ishlagan. Lavozimidan ketganidan keyin ham u «Elboshi» — millat yetakchisi maqomini saqlab qolgan. Bu maqom unga umrbod imtiyozlar bergan. Masalan, u prezidentlik davrida yoki undan keyin birinchi prezident maqomida qilgan harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas edi. Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi 2023-yil boshida «Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti — elboshi to‘g‘risida»gi qonunni bekor qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq To‘qayev yangi konstitutsiya tufayli yana prezident bo‘lishi mumkinligi haqoda yozgan edik. Biroq, u 2024-yil prezident faqat bir marta, yetti yil muddatga saylanishi mumkinligi qoidasi «endi hech qachon o‘zgarmasligini» ta’kidlagandi.

Теглар

Мавзуга оид

To‘qayev Qozog‘istonning tashqi siyosat konsepsiyasidan Nazarboyevga oid ma’lumotlarni olib tashladi | Vaqt.uz