Toshkent maktablarida «aqlli kameralar» o‘rnatish boshlandi
«Aqlli maktab» tizimi sinov tariqasida Sergeli tumanidagi maktablarda joriy etilmoqda. Tumandagi 9–11-sinf xonalarining 345 tasidan 177 tasiga zamonaviy kameralar o‘rnatildi.
© Toshkent shahar hokimligiToshkentda «Aqlli maktab» tizimini joriy etish doirasida maktablarga zamonaviy aqlli kameralar o‘rnatish boshlandi. Bu haqda 14-avgust kuni poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
2026/2027 o‘quv yilida tizimni joriy etishning birinchi bosqichi «Sergeli tajribasi» doirasida tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilmoqda.
Sergelida 177 ta sinfga kamera o‘rnatildi
Loyiha doirasida Sergeli tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9–11-sinf xonalaridagi jami 345 ta sinfning 177 tasiga zamonaviy aqlli kameralar o‘rnatildi.
Qolgan sinf xonalariga kameralarni o‘rnatish hamda ularni tizimga integratsiya qilish ishlarini 2026 yil 25-avgustga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

O‘rnatilgan kameralar maxsus dasturiy ta’minot orqali Sergeli tumani hokimligida tashkil etilgan Vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda.
Kameralar nimani nazorat qiladi?
Yangi tizim orqali bir qator jarayonlarni avtomatlashtirish rejalashtirilgan. Jumladan:
● o‘quvchilar davomatini avtomatik aniqlash;
● maktab xavfsizligini kuchaytirish;
● begona shaxslarni aniqlash;
● o‘quvchilarning darsdagi faolligini tahlil qilish;
● maktabga kirish va chiqish jarayonlarini avtomatik nazorat qilish.
Sergeli tumani hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, tizim orqali farzandlarning maktabga kelgani va maktabdan ketgani haqida ota-onalarga zudlik bilan xabar yuborish imkoniyati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Tizim keyinchalik barcha maktablarga joriy etiladi
«Sergeli tajribasi» doirasida shakllantirilayotgan «Aqlli maktab» tizimini kelgusida Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Bu poytaxtda maktablarni raqamlashtirish bo‘yicha birinchi bunday tashabbus emas.
«Smart School» dasturi avval Olmazorda sinovdan o‘tkazilishi kerak edi
2025 yilda Toshkent shahar hokimining qarori bilan 10–11-sinf o‘quvchilari uchun «Smart School» elektron dasturi asosida maxsus kuzatuv tizimini joriy etish belgilangan edi.
Qarorga ko‘ra, dastur dastlab tajriba tariqasida Olmazor tumanidagi 31 ta umumta’lim maktabida joriy etilishi rejalashtirilgan.
Unda ushbu maktablardagi 250 ta sinf xonasiga kameralar o‘rnatish ko‘zda tutilgan.





