Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi

Бугун 14:552 дақиқа

To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ishga tushgunga qadar ikki mamlakat o‘rtasida safar qiladigan yo‘lovchilar Moskva, Istanbul, Tbilisi va boshqa shaharlar orqali tranzit parvozlardan foydalangan.

Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi © Uzbekistan Airports

2-iyun kuni Toshkent xalqaro aeroportida Armanistonning «Shirak Avia» aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan Yerevan — Toshkent yo‘nalishidagi ilk muntazam reys kutib olindi. Shu tariqa O‘zbekiston va Armaniston poytaxtlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yana yo‘lga qo‘yildi.

Aviakompaniyaning Yerevandan amalga oshirgan birinchi reysi bilan Toshkentga 127 nafar yo‘lovchi yetib keldi. Aviatsiya an’analariga muvofiq, samolyot suv arkasi ostida qarshi olindi, ekipaj a’zolariga gullar topshirildi.

Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida Toshkent — Yerevan yo‘nalishidagi ilk reys yo‘lovchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Armaniston poytaxtiga yo‘l olgan birinchi reys bilan 177 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida safar

Yangi aviayo‘nalish O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ishga tushgunga qadar ikki mamlakat o‘rtasida safar qiladigan yo‘lovchilar Moskva, Istanbul, Tbilisi va boshqa shaharlar orqali tranzit parvozlardan foydalanishga majbur edi.

Parvozlar Boeing 737 rusumidagi samolyotlarda haftasiga bir marta amalga oshiriladi.

Loyihaning ilk muzokaralari


Toshkent va Yerevan o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasi ilk bor 2017 yilda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Armanistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Karen Karapetyan o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan edi.

Avvalroq mazkur yo‘nalish bo‘yicha muntazam reyslar 2026 yil may oyidan boshlanishi ma’lum qilingandi.

«Shirak Avia» — Yerevandagi Zvartnots xalqaro aeroporti bazasida faoliyat yurituvchi Armaniston aviakompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya 2019 yildan buyon xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirib keladi va uning aviaparki Boeing 737 turkumiga mansub samolyotlardan tashkil topgan.

Теглар

Мавзуга оид