Toshkent xalqaro moliya markazi «Tashkent City» hududida joylashadi

Бугун 17:452 дақиқа

Markaz «Tashkent City» hududida joylashib, davlat banklari binolari hamda «Bomi Finance Center» negizida faoliyat yuritishi rejalashtirilmoqda.

Toshkent xalqaro moliya markazi «Tashkent City» hududida joylashadi

Avvalroq O‘zbekistonda moliya bozorini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida «Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar bergan edik. 

Farmonga ko‘ra, markaz «Toshkent City» ishbilarmonlik markazi hududida joylashadi. U «Aloqabank», «Asakabank» (Asaka Tower), «SQB» hamda «Bomi Finance Center» binolari joylashgan hududni qamrab oladi.

toshkent XMM

Manbalarga ko‘ra, markaz avval sotuvga qo‘yilgan davlat banklari binolari negizida tashkil etiladi. Bu qaror yangi binolar qurish bilan bog‘liq katta xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi. Binolar markaz boshqaruv organlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berilib, keyinchalik ishtirokchilarga ikkilamchi ijara asosida taqdim etiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilgacha mazkur markaz orqali iqtisodiyotga qo‘shimcha 20–25 mlrd dollar investitsiya jalb qilinishi mumkin. Shuningdek, YAIM o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foiz hissa qo‘shish, 15 minggacha yuqori malakali ish o‘rni yaratish va 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirish rejalashtirilgan.

Asosiy vazifalar

Markaz faoliyati to‘rt yo‘nalishni qamrab oladi: investitsiyalarni jalb qilish, kapital bozorini rivojlantirish, moliya xizmatlarini kengaytirish va innovatsion xizmatlar ekotizimini shakllantirish.

Bu doirada jahon moliya bozorlari bilan integratsiyani kuchaytirish, qimmatli qog‘ozlar savdosini rivojlantirish, bank va sug‘urta xizmatlari, fintex, elektron tijorat va kriptoaktivlar bozorini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Imtiyozlar va huquqiy rejim

TXMM ishtirokchilari uchun keng ko‘lamli imtiyozlar joriy etiladi. Jumladan, chet el mutaxassislarini ishga jalb qilishda ruxsatnomalar talab etilmaydi, hisob-kitoblarni xorijiy valuta yoki kriptoaktivlarda amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Markaz ishtirokchilari va xodimlari uchun 5-yilgacha vizalar beriladi, daromad va kapitalni cheklovlarsiz repatriatsiya qilish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 2076-yilga qadar foyda solig‘i, ijtimoiy soliq, yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha imtiyozlar amal qiladi.

Markaz hududida moliya, sug‘urta, investitsiya, bank, to‘lov tizimlari va fintex xizmatlari QQSdan ozod etilishi ham nazarda tutilgan.

Теглар

Мавзуга оид