Logo

Toshkentda 10 ming eksponat saqlanadigan Milliy muzey qurilmoqda

Бугун 21:532 дақиқа

Maydonning 60 foizi ta’lim va ilmiy faoliyatga ajratiladigan yangi muzey bir vaqtning o‘zida 3500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi.

Toshkentda 10 ming eksponat saqlanadigan Milliy muzey qurilmoqda © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxt markazida qurilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyi inshootining barpo etilish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yirik loyiha prezidentning 2025 yil 1-iyuldagi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari 2025 yil avgustda muzey qurilishiga tamal toshi qo‘ygan. Hozir hududda qurilish-montaj ishlari, poydevorlar va muhandislik infratuzilmasini barpo etish jarayoni davom etmoqda.

Majmuaning umumiy maydoni 3,9 gektarni, bino maydoni esa 40 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi. Inshoot 3 qavatli asosiy bino va 2 qavatli yer osti qismidan iborat bo‘ladi.

Loyiha yaponiyalik me’mor Tadao Ando tomonidan yaratilgan. Ekspozitsiya konsepsiyasini Germaniyaning «Atelier Brückner» tashkiloti tayyorlagan. Muzey O‘zbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyot intilishlarini namoyon etadigan muhim madaniy maskan sifatida shakllantiriladi.

Ta’limga alohida e’tibor

Muzey maydonining 60 foizi ta’lim va ilmiy faoliyatga ajratiladi. Bu yerda ko‘rgazma zallari, boy kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va konferensiya zallari joylashadi.

«Oilalar va yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun restoranlar hamda bolalar maydonchalari ham tashkil etiladi», — deyiladi xabarda.

Majmua bir vaqtning o‘zida 3 ming 500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ekspozitsiyada 10 mingga yaqin tarixiy va san’at eksponati namoyish etiladi.

Yaxlit me’moriy ansambl

Bino qurib bitkazilgach, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan birgalikda yaxlit me’moriy ansamblni hosil qiladi.

Fransiyaning Luvr, AQSHning Metropoliten va Britaniya muzeylari kabi dunyoning nufuzli madaniy muassasalari bilan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident mutasaddilarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat standartlari asosida bajarish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Теглар

Мавзуга оид