Logo

Toshkentda 114 yillik tarixiy bino zamonaviy san’at markaziga aylantirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishib chiqqan mazkur maskan o‘z faoliyatini 6-sentabr kuni «Hikmat» nomli xalqaro ko‘rgazma bilan boshlaydi.

Toshkentda 114 yillik tarixiy bino zamonaviy san’at markaziga aylantirildi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy san’at markaziga tashrif buyurib, uning infratuzilmasi va kelgusi faoliyati bilan tanishdi. Markaz 6-sentabr kuni rasman ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda prezident matbout xizmati xabar berdi.

Ushbu muassasa O‘zbekistonda zamonaviy san’atga ixtisoslashgan birinchi davlat muassasasi bo‘lib, Markaziy Osiyoda ko‘rgazma, ta’lim, tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni birlashtirgan majmua sifatida tashkil etilgan. Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilgan.

Tarixiy bino yangi qiyofada

Markaz 1912 yilda me’mor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida qurilgan tarixiy binoda joylashgan. Inshoot dastlab tramvay deposi sifatida barpo etilgan, keyinchalik dizel elektr stansiyasi vazifasini bajargan.

Binoni restavratsiya qilish konsepsiyasini Fransiyaning «Studio KO» byurosi ishlab chiqqan. Yangilash jarayonida sanoat me’morchiligiga xos tarixiy qiyofa saqlangan, ayni vaqtda obyekt zamonaviy madaniy muassasa talablariga moslashtirilgan.

Majmuada ko‘rgazma va ta’lim zallari, uchrashuvlar hamda ommaviy tadbirlar uchun maydonlar, restoran va konsept-do‘kon tashkil etilgan. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan kutubxona va tadqiqot arxivi jamoatchilik uchun ochiq bo‘ladi.

Birinchi ko‘rgazma «Hikmat»

Markaz faoliyatini «Hikmah» — «Hikmat» nomli ilk xalqaro ko‘rgazma bilan boshlaydi. Ko‘rgazma bilim, ma’naviy meros va madaniy xotira mavzulariga, shuningdek, tarixiy an’analar bilan zamonaviy san’at o‘rtasidagi bog‘liqlikka bag‘ishlangan.

Ko‘rgazmada taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, markaz uchun maxsus yaratilgan ishlar namoyish etiladi. O‘zbekistonda ilk bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi to‘plamidagi installyatsiya ham taqdim qilinadi.

Markaz «Guggenheim», «Tate», Pompidu markazi, Osiyo san’ati milliy muzeyi, «Delfina Foundation» va Koreya San’at kengashi kabi xorijiy madaniy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.

Qayd etilishicha, kelgusida bu yerda ko‘rgazmalar, leksiyalar, ochiq muhokamalar, film namoyishlari, konsertlar, performanslar, ijodiy ustaxonalar va art-rezidensiyalar o‘tkaziladi.

Теглар

Мавзуга оид