Toshkentda bir soatlik elektr uzilishi 3,5 mln dollarga tushishi mumkin

Бугун 14:401 дақиқа

Poytaxt iqtisodiyoti har soatda qariyb 42 mlrd so‘mlik qiymat yaratadi. Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, elektr energiyasi bir soatga o‘chsa, iqtisodiyot kamida 3,5 mln dollarlik yo‘qotish bo‘ladi.

Toshkentda bir soatlik elektr uzilishi 3,5 mln dollarga tushishi mumkin © iStock/MushroomsArtSeven

Toshkent shahri iqtisodiyoti har soatda o‘rtacha 42 mlrd so‘mlik yalpi ichki mahsulot yaratadi. Shu bois elektr ta’minotidagi har qanday uzilish iqtisodiy faollikka sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ta’kidlashicha, agar poytaxt bir soatga elektr energiyasidan uzilsa, nazariy jihatdan 42 mlrd so‘mlik iqtisodiy qiymat yaratilmay qoladi. Bu hisob-kitob shahar iqtisodiyotining umumiy hajmiga tayangan holda amalga oshirilgan.

Mutaxassisning qayd etishicha, amalda zarar miqdori bundan biroz kamroq bo‘lishi mumkin. Chunki iqtisodiyotning barcha tarmoqlari elektr energiyasiga bir xil darajada bog‘liq emas. Ayrim korxona va tashkilotlar zaxira generatorlari orqali faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega.

Biroq elektr uzilishining bilvosita oqibatlari ham mavjud. Ishlab chiqarish jarayonlarining to‘xtashi, xizmatlar ko‘rsatishdagi kechikishlar, logistika zanjirlaridagi uzilishlar va biznes faolligining pasayishi iqtisodiy zararni yanada oshirishi mumkin.

Eng sodda hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahrida bir soatlik elektr ta’minoti uzilishi iqtisodiyot uchun kamida 3,5 mln dollar miqdorida yo‘qotishga teng bo‘ladi. Mutaxassis bu raqamni kichik deb baholab bo‘lmasligini ta’kidlab, barqaror energiya ta’minoti iqtisodiy o‘sishning muhim shartlaridan biri ekanini qayd etdi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining 5 ta tumanida elektr energiyasi uzilgan edi.  Energetika vazirligi xodimining VAQT.UZ ga ma’lum qilishicha, Toshkent issiqlik elektr stansiyasidagi transformatorda nosozlik bo‘lgan.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 143

Барчаси

Мавзуга оид