Logo

Toshkentda FVV qutqaruvchisi yong‘inni o‘chirish vaqtida halok bo‘ldi

Uchtepa tumanidagi turar joyda sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirish vaqtida FVV maxsus qutqaruv batalyoni otryad komandirining o‘rinbosari – guruh komandiri, 33 yoshli kapitan Boburmirzo Pardayev halok bo‘ldi.

Toshkentda FVV qutqaruvchisi yong‘inni o‘chirish vaqtida halok bo‘ldi

Toshkent shahri Uchtepa tumani «Quyi Darxon» MFY hududidagi turar joylardan birida 15-avgust kuni erta tongda yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa vaqtida FVV qutqaruvchisi, kapitan Boburmirzo Pardayev fojiali tarzda halok bo‘ldi.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar navbatchilik qismiga soat 03:41 da kelib tushgan. Shundan so‘ng Toshkent shahri FVB qutqaruvchilari va Respublika maxsus qutqaruv bataloni xodimlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan.

Qutqaruvchilar yong‘inni bartaraf etish bilan birga, uyda bo‘lgan aholini evakuatsiya qilish ishlarini boshlagan. Ular yong‘in ichida qolgan odamlarni xavfsiz joyga olib chiqib, ularning hayotini saqlab qolgan. Biroq qutqaruv ishlari jarayonida 33 yoshli kapitan Boburmirzo Pardayev halok bo‘lgan.

«Maxsus qutqaruv bataloni otryad komandirining o‘rinbosari — guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardayev ham jasorat ko‘rsatib, insonlar hayotini qutqardi. Biroq yong‘inni bartaraf etish jarayonida kapitan qahramonlarcha halok bo‘ldi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Hodisa bo‘yicha boshqa tafsilotlar hozircha ma’lum qilinmagan.

«Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhum qutqaruvchi kapitan Pardayev Boburmirzo Komiljon o‘g‘lining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi», — deya ta’kidlanadi FVV xabarida.

Теглар

Мавзуга оид