Toshkentda «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi
1 200 ga yaqin mas’ulga ustuvor vazifalar belgilandi.
© Foto: t.me/Rasmiy_axborot_officialShayxontohur tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Anjumanda mahallalarni yanada obod qilish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda aholi bandligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi vakillari, Toshkent shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Milliy gvardiya, kommunal xizmatlar, Boshqaruv servis kompaniyalari, «Mahalla» uyushmasi mutasaddilari hamda poytaxtdagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etdi.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, tadbirga jami 1 200 nafarga yaqin mas’ul va rahbar jalb etilgan.
Belgilangan ustuvor vazifalar va kutilayotgan natijalar
Yig‘ilish davomida mas’ullarga bir qator aniq topshiriqlar berildi. Xususan, ko‘chalar, hovlilar, ariq va xiyobonlarni obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, shuningdek, mahallalarda infratuzilma muammolarini hal etishga qaratilgan loyihalarni aholi ishtirokida shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Shu bilan birga, ishsiz fuqarolarni daromadli mehnatga yo‘naltirish bo‘yicha mahalla bankirlari bilan tizimli ishlash, kommunal xizmatlar faoliyatini yaxshilash va debitor qarzdorlikni qisqartirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berilgan.
Mazkur chora-tadbirlar mahallalarda obod muhitni yaratish, infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va hududlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





