Logo

Toshkentdagi qimmat parkovka: narxlarni operator emas, hokimlik tasdiqlagan

Toshkentda joriy etilayotgan pullik avtoturargohlar uchun tariflar xususiy operator tomonidan emas, balki shahar hokimligi qarori bilan tasdiqlangan. Bu haqda «Poytaxt Parking» rahbari Jahongir Toshpo‘latov VAQT.UZ jurnalistiga ma’lum qildi.

Toshkentdagi qimmat parkovka: narxlarni operator emas, hokimlik tasdiqlagan

Uning aytishicha, shahar markazidagi avtoturargohlar uchun amaldagi 12 ming so‘mlik tarif ham Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilangan.

«Biz texnik operatormiz, hokim qarori ijrosini amalga oshiramiz. Shu singari, avtoturargohlar narxini ham biz belgilamaymiz. Tariflar hokimlik qarori bilan tasdiqlanadi. «Poytaxt Parking» Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlaydi», — dedi Jahongir Toshpo‘latov.

VAQT.UZ Markaziy Osiyoning yirik shaharlaridagi pullik avtoturargohlar narxlarini solishtirdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkentda bir soatlik parkovka uchun to‘lanadigan mablag‘ qo‘shni davlatlar poytaxtlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bir soatlik avtoturargoh xizmati uchun 100 tenge (taxminan 2200 so‘m) to‘lanadi. Olmaotada ham xuddi shu narx belgilangan.

Bishkekda to‘lov miqdori 30–60 som (4150 so‘mdan 11 ming so‘mgacha) bo‘lib, bu narx to‘xtash hududiga qarab farq qiladi.

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida avtoturargohlar uchun dastlabki 10 daqiqa bepul. Shundan so‘ng har bir soat uchun 3 somoniy (taxminan 3930 so‘m) to‘lanadi. Tungi soat 22:00 dan 07:00 gacha parkovka tekin hisoblanadi.

Toshkent esa 12 ming so‘mlik tarif bilan mazkur ro‘yxatda eng yuqori o‘rinni egallaydi. Bu narx qo‘shni mamlakatlar poytaxtlaridagi avtoturargohlar to‘lovidan bir necha barobar qimmat bo‘lib, hozircha mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Jahongir Toshpo‘latovning ta’kidlashicha, Qozog‘istondagi amaldagi tariflar bilan Toshkentdagi narxlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash ham to‘liq manzarani aks ettirmaydi.

«Qozog‘istonda tariflar ancha arzon. Ularning parkovka narxlari taxminan 10 yil oldin belgilangan va shundan buyon deyarli o‘zgarmagan. Hozir parkovka tizimini davlatning o‘zi boshqaradi. Avval esa bu sohada xususiy investor faoliyat yuritgan va investitsiya kiritgan», — dedi u.

«Poytaxt Parking» rahbari Toshkent uchun pullik avtoturargohlar amaliyoti yangilik emasligini ham ta’kidladi. Uning fikricha, yangi tizimning mazmun-mohiyati va tariflar qanday shakllanishi haqida aholini kengroq xabardor qilish zarur.

Xususiy operator rahbari VAQT.UZ jurnalistining «Tushumlar qayerga sarflanadi?» degan savoliga quyidagicha javob berdi:

«Biz texnik operatormiz. Pullarni tasarruf etmaymiz. Bizda davlatga, shaharga qiladigan bir nechta to‘lovlarimiz bor. Bular — yer ijarasi, hokimiyatning yo‘l jamg‘armasiga badal va dasturiy ta’minotdan foydalanganlik uchun to‘lov. Chunki dasturiy ta’minot ham shaharga tegishli. Keyin bu pullar qayerga ketishini ayta olmaymiz, chunki buni hokimiyat tasarruf etadi. Hozir hisobot tayyorlayapmiz. Yaqin vaqt ichida davlatga qancha pul to‘laganimizni e’lon qilamiz. Sizga bir narsani ayta olaman: loyiha bugungi kunda zarar bilan ishlayapti va biz ishlab topganimizdan ko‘ra ko‘proq pul to‘ladik. Bu pullar asosan investorlar mablag‘lari hisobidan qoplandi», — dedi u.

Теглар

Мавзуга оид

Toshkentdagi qimmat parkovka: narxlarni operator emas, hokimlik tasdiqlagan | Vaqt.uz