Toshkentdan Kremniy vodiysigacha: Akmal Payziyev va uning startaplari evolyutsiyasi
Startaplar, venchur kapitali, innovatsion mahsulotlar va global bozorlarga chiqish strategiyasi kabi tushunchalar avval iqtisodiy muhitda kam uchrasa, bugungi kunda ular yangi avlod tadbirkorlarining asosiy yo‘nalishiga aylangan.

Bu jarayonning shakllanishida o‘z faoliyati bilan sezilarli ta’sir ko‘rsatgan asoschilardan biri — Akmal Payziyevdir.
Payziyev yaratgan yoki rivojlantirgan «MyTaxi», «Express24», «Workly», «Maxtrack» va «Numeo» kabi startaplar alohida startap loyihalari bo‘lishdan tashqari, O‘zbekiston texnologik ekotizimining shakllanishida muhim tajriba maydoniga aylandi. Ushbu kompaniyalar orqali raqamli xizmatlar, logistika texnologiyalari, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va sun’iy intellekt asosidagi yechimlar sinovdan o‘tkazildi. Har bir loyiha keyingisi uchun muhim bilim va operatsion tajriba yaratdi.
«MyTaxi»: raqamli transport xizmatlari uchun asos
Akmal Payziyevning dastlabki yirik loyihalaridan biri «MyTaxi» platformasi hisoblanadi. Bu startap mobil ilova orqali taksi xizmatlarini chaqirish imkonini beruvchi texnologik platforma sifatida yaratilgan.
«MyTaxi» paydo bo‘lgan davrda O‘zbekistonda transport xizmatlari bozori asosan norasmiy mexanizmlar orqali ishlardi. Yo‘lovchilar taksini ko‘chadan to‘xtatar yoki telefon orqali buyurtma berar, narxlar esa oldindan aniq belgilanmas edi. Bu tizim na foydalanuvchilar, na haydovchilar uchun barqaror va shaffof bo‘lgan. «MyTaxi» ushbu muammoga raqamli yechim taklif qildi.
Mobil ilova orqali foydalanuvchilar taksi chaqirishi, safar narxini oldindan ko‘rishi va haydovchining kelishini xaritada kuzatishi mumkin bo‘ldi. Platforma ikki tomonlama bozor modeliga asoslangan bo‘lib, unda bir tomonda yo‘lovchilar, ikkinchi tomonda haydovchilar joylashgan. Algoritmlar orqali buyurtmalar avtomatik taqsimlanib, transport xizmatlari samaradorligi oshirildi. Bu loyiha O‘zbekistonda on-demand xizmatlar iqtisodiyotining paydo bo‘lishiga turtki berdi. Keyinchalik paydo bo‘lgan boshqa raqamli xizmatlar ham aynan shu modelga tayandi.
«Express24»: oziq-ovqat yetkazib berish infratuzilmasi

Akmal Payziyev asos solgan eng mashhur startaplarddan biri «Express24» hisoblanadi. Bugungi kunda oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlari ko‘plab shaharlarda odatiy xizmat sifatida qabul qilinadi. Ammo «Express24» ish boshlagan paytda O‘zbekistonda food delivery bozori deyarli shakllanmagan edi. Restoranlar buyurtmalarni asosan telefon orqali qabul qilardi, yetkazib berish jarayoni esa tizimli boshqaruvga ega emas edi. «Express24» ushbu muammoni texnologiya orqali hal qildi. Platforma uch tomonlama model asosida ishlab, foydalanuvchilar, restoranlar va kuryerlar yagona raqamli tizim orqali birlashtirdi. Buyurtmalar real vaqt rejimida boshqarilar, logistika jarayonlari esa algoritmlar yordamida optimallashtirilgan edi.
Pandemiya davridagi keskin o‘sish
2020 yil pandemiyasi «Express24» uchun muhim sinov bo‘ldi. Karantin davrida restoranlar faoliyati cheklangani sababli oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlariga talab keskin oshdi. Platformadagi buyurtmalar soni tez o‘sdi va logistika tizimi katta yuklama ostida ishlay boshladi.
Shu davrda kompaniya operatsion jarayonlarni qayta tashkil qildi, kuryerlar sonini ko‘paytirdi va logistika boshqaruvini optimallashtirdi. Natijada, «Express24» pandemiya davrida nafaqat xizmatni saqlab qoldi, balki bozorda yetakchi platformalardan biriga aylandi. O‘zbekiston bozoriga xalqaro o‘yinchilar kirgach ushbu startap samarali exit qilishga erishdi.
«Workly»: HR texnologiyalari
Bu startap kompaniyalar uchun xodimlarni boshqarish tizimini taklif qilgan. «Workly» biometrik texnologiyalar orqali xodimlarning ish vaqtini nazorat qilish, kelish-ketish statistikasi va HR analitikani avtomatlashtirish imkonini bergan. Platforma B2B SaaS modeli asosida ishlagan. Kompaniyalar tizimdan foydalanish uchun abonent to‘lovi amalga oshirgan.
Bu startap biznes jarayonlarini raqamlashtirish yo‘nalishida muhim qadam bo‘ldi. Ko‘plab kompaniyalar uchun ish vaqtini monitoring qilish va HR jarayonlarini avtomatlashtirish muammosi mavjud bo‘lib, «Workly» ushbu muammoni texnologik yechim orqali hal qildi.
«Workly» klassik IPO yoki katta kompaniyaga sotilish orqali emas, balki strategik boshqa kompaniyaga qo‘shilish orqali «exit» qilgan. 2025-yilda Qozo-istonning HR-tech startapi «Clockster» «Workly»ning mahsuloti va jamoasini o‘z tarkibiga qo‘shib olgan. Shu orqali «Workly» texnologiyasi «Clockster» platformasiga integratsiya qilingan va kompaniya mustaqil faoliyatini to‘xtatib, yirik HR Tech platforma tarkibiga kirgan.
«Maxtrack»: logistika monitoringi
«Maxtrack» transport va logistika kompaniyalari uchun monitoring tizimini taqdim etuvchi platformadir. Bu startap transport vositalarini GPS orqali kuzatish, yoqilg‘i sarfini monitoring qilish va logistika samaradorligini oshirish imkonini beradi. Logistika sohasida samarali boshqaruv transport xarajatlarini kamaytirish va operatsion samaradorlikni oshirish uchun muhim omil hisoblanadi. «Maxtrack» aynan shu ehtiyojga javoban yaratilgan texnologik yechim sifatida shakllandi.
«Numeo»: sun’iy intellekt asosidagi logistika platformasi

Akmal Payziyevning eng yangi loyihasi — «Numeo». Bu startap avvalgi startaplarda to‘plangan tajribalar asosida yaratilgan. 2023 yilda Payziyev Kremniy vodiysiga ko‘chib, Numeo.ai kompaniyasiga asos soladi. «Numeo» logistika bozorida yuk tashish jarayonlarini sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirishga qaratilgan. Platforma AI agentlari orqali yuk tashish bo‘yicha muzokaralar olib borishi, yuklarni bron qilishi va logistika jarayonlarini optimallashtirishi mumkin. 2025-yilda «Numeo» Kremniy vodiysidagi mashhur venchur fondlardan biri — NFXʼdan 2,7 mln dollar miqdorida investitsiya oldi. Ushbu mablag‘ kompaniyaning AI texnologiyalarini rivojlantirish, logistika kompaniyalari uchun raqamli xodimlar (AI agents) yaratish hamda xalqaro bozorda kengayish strategiyasini amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan.
Startap strategiyasi va tajriba
Akmal Payziyev yaratgan startaplarni tahlil qilganda bir nechta umumiy strategik elementlarni ko‘rish mumkin. Birinchidan, barcha startaplar real bozor muammosini hal qilishga qaratilgan. «MyTaxi» transport xizmatlarini raqamlashtirdi, «Express24» oziq-ovqat yetkazib berish infratuzilmasini yaratdi, «Workly» HR jarayonlarini avtomatlashtirdi, «Maxtrack» logistika monitoringini yaxshiladi. «Numeo» esa global logistika tizimini sun’iy intellekt yordamida optimallashtirishga qaratilgan.
Ikkinchidan, ko‘pchilik startaplar platforma iqtisodiyoti modeliga asoslangan. Bu model xizmat ko‘rsatuvchilar va mijozlarni yagona raqamli infratuzilma orqali bog‘laydi.
Uchinchidan, tezkor tajriba va iteratsiya jarayoni muhim rol o‘ynaydi. Har bir loyiha yangi texnologiyalarni sinab ko‘rish va bozor reaksiyasini o‘rganish uchun imkoniyat yaratadi.
Toshkentdan boshlangan tadbirkorlik yo‘li Kremniy vodiysigacha yetib borishi esa zamonaviy startap dunyosining muhim xususiyatini ko‘rsatadi: innovatsion g‘oya va texnologiya yordamida lokal tashabbus ham global miqyosdagi kompaniyaga aylanishi mumkin.
L.Ismoilova tayyorladi





