«Toyota» Yaponiyaning eng qimmat kompaniyasi maqomini yo‘qotdi
Sun’iy intellekt atrofidagi investitsion bum Yaponiya korporativ bozorida kuchlar muvozanatini o‘zgartirdi.
© pikabuYaponiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi «Toyota Motor Corporation» mamlakatdagi eng qimmat kompaniya maqomini yo‘qotdi. 1-iyun holatiga ko‘ra, bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha uni texnologik xolding «SoftBank Group» ortda qoldirdi, deb xabar berdi «Financial Times».
«Toyota» o‘rnini kim egalladi?
«Toyota» Yaponiya fond bozorida eng qimmat kompaniya maqomini yigirma yildan ziyod vaqt davomida saqlab kelgan edi. Kompaniya bu yetakchilikni 2003-yilda qo‘lga kiritgan va o‘shanda telekommunikatsiya giganti «NTT Docomo»ni ortda qoldirgan.
Biroq 1-iyun kungi savdolarda «Toyota» aksiyalari qariyb 4,5 foizga arzonlashdi. Natijada kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 46 trillion iyenadan pastga tushib, taxminan 288 milliard dollarni tashkil qildi.
Shu bilan bir vaqtda «SoftBank» aksiyalari 13 foizdan ortiq qimmatlashdi. Bu kompaniyaning bozor qiymatini 48 trillion iyenaga, ya’ni taxminan 301 milliard dollarga yetkazdi.
«SoftBank» «Toyota»ni kapitalizatsiya bo‘yicha oxirgi marta 2000-yilda, dotkom bumining eng qizg‘in davrida ortda qoldirgan edi.
Investorlar nima demoqda?
Investorlar «SoftBank» aksiyalarining hozirgi o‘sishini asosan sun’iy intellekt sohasiga bo‘lgan qiziqishning keskin ortishi bilan izohlamoqda.
Kompaniya Britaniyaning chip ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratuvchi «Arm Holdings» kompaniyasining taxminan 90 foiz ulushiga egalik qiladi. Shuningdek, u «OpenAI»ning yirik investorlaridan biri hisoblanadi hamda AQSH va Yevropadagi yirik data-markazlar qurilishini moliyalashtirish loyihalarida ishtirok etmoqda.
2026-yil boshidan buyon «SoftBank» aksiyalari qariyb 73 foizga qimmatlashgan.
Yaponiyada SI bumidan kimlar yutib chiqmoqda?
Sun’iy intellekt atrofidagi bum Yaponiyaning boshqa texnologik kompaniyalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Xususan, xotira mikrosxemalari ishlab chiqaruvchisi «Kioxia Holdings» aksiyalari yil boshidan buyon 525 foizdan ortiq o‘sdi. Bu kompaniya Yaponiyaning eng qimmat kompaniyalari reytingida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib, «Mitsubishi UFJ» «Financial Group»ni ortda qoldirdi.





