Logo

Tramp deyarli ikki haftalik kundalik hujumlardan so‘ng Eronga zarbalarni to‘xtatishni buyurdi

Бугун 14:053 дақиқа

Oq uy rahbari sal o‘tib AQSH Eronga qarshi hujumlarni davom ettirish yoki ularni yanada kuchaytirish imkoniyatiga ega ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Vashington istasa, Eronning «bor narsasini yo‘q qilishi» mumkin.

Tramp deyarli ikki haftalik kundalik hujumlardan so‘ng Eronga zarbalarni to‘xtatishni buyurdi © White House

AQSH prezidenti Donald Tramp 24-iyul kuni Eronga yangi zarbalar berishni to‘xtatishni buyurdi. Shu tariqa qariyb ikki hafta davom etgan kundalik harbiy hujumlar to‘xtatildi. Bu haqda «Axios» nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 13 kun davomida Tramp har kuni Eronga zarba berish rejalarini tasdiqlab kelgan va AQSH harbiylari ularni bir necha soat ichida amalga oshirgan. 24-iyul kuni ham prezidentga navbatdagi harbiy operatsiya rejasi taqdim etilgan. Ammo bu safar Tramp hujumga ruxsat bermagan va zarba bermaslikni buyurgan.

Tramp nima uchun hujumlarni to‘xtatdi?

«Axios»ning ta’kidlashicha, bu qaror Trampning muzokaralarga ko‘proq imkoniyat berishga tayyor ekanini, shuningdek, AQSHning hozirgi zarbalari o‘z samaradorligining eng yuqori nuqtasiga yetganini tan olganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu qaror doimiymi yoki vaqtinchalik ekani hozircha noma’lum. Manbalarning aytishicha, AQSH harbiylari zarur bo‘lsa, keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarni qayta boshlash rejalarini tayyorlab turibdi. Biroq Tramp bunday operatsiyalarni boshlash bo‘yicha hozircha hech qanday buyruq bermagan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Eronga qarshi hujumlarni davom ettirish yoki ularni yanada kuchaytirish imkoniyatiga ega ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH istasa, Eronning «bor narsasini yo‘q qilishi» mumkin.

Biroq prezidentning ta’kidlashicha, harbiy yo‘ldan ko‘ra, Eron bilan kelishuvga erishish ancha to‘g‘ri strategiya hisoblanadi.

Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralar va yangi kelishuv

«Axios»ning yozishicha, Trampning hujumlarni to‘xtatish haqidagi qarori Ummon delegatsiyasi Tehronga muzokaralar uchun borganidan bir necha soat o‘tib qabul qilingan. Muzokaralar Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha yangi kelishuvga bag‘ishlangan. Nashr manbalariga ko‘ra, muzokaralarda ma’lum darajada ijobiy siljish kuzatilgan va Ummon hamda Eron o‘rtasida kelishuvga shu hafta oxirigacha erishilishi mumkin. Shundan so‘ng Tramp taklif etiladigan kelishuvni qabul qilish yoki rad etish masalasida qaror qabul qiladi.

Iyul oyi boshida Ummon Hormuz bo‘g‘ozida ikkita dengiz yo‘lagini tashkil etishni taklif qilgan edi. Ulardan biri Eron nazorati ostida bo‘lishi, ikkinchisi esa urushdan oldingi tartib asosida kemalar erkin harakatlanishi uchun ochiq bo‘lishi ko‘zda tutilgan. 18-iyun kuni AQSH va Eron o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Ammo ko‘p o‘tmay ikki tomon o‘rtasidagi harbiy zarbalar yana davom etdi. Oradan bir oy o‘tgach, AQSH Markaziy qo‘mondonligi Eronga qarshi yangi hujumlar boshlanganini ma’lum qildi. Vashington bu harakatni tijorat kemalari va Iordaniyadagi amerikalik harbiylarga uyushtirilgan hujumlarga javob sifatida izohladi. Eron esa AQSH mintaqadagi aralashuvini to‘xtatmaguncha Hormuz bo‘g‘ozini yopishini ma’lum qilgan.

23-iyul kuni Tramp AQSH Eronga qarshi yanada keng ko‘lamli hujum o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday operatsiya yaqinda o‘tkazilgan «Epik g‘azab» amaliyotidan ham kattaroq bo‘lishi mumkin. Tramp, shuningdek, agar Vashington so‘rasa, Isroil bu operatsiyaga «ikki daqiqa ichida» qo‘shilishini ham ta’kidlagan. Shu bilan birga, AQSH prezidenti fikricha, Eron rahbariyati muzokaralarni istamoqda, ammo hozircha kelishuv tuzishga tayyor emas. Uning aytishicha, Tehron hali «yetarlicha bosimni his qilmagan».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «The Washington Post» AQSH Eronga qarshi urushni kengaytirishi mumkinligi haqida yozgandi.

Теглар

Мавзуга оид