Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik banknota chiqarilishi mumkin — WP

Бугун 09:002 дақиқа

Mamlakat tashkil topganining 250 yilligi munosabati bilan AQSHda prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan 250 dollarlik yangi banknota chiqarish g‘oyasi muhokama qilinmoqda.

Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik banknota chiqarilishi mumkin — WP © The Washington Post

The Washington Post ma’lum qilinishicha, AQSH Moliya vazirligi tarkibidagi bosma va o‘yma byurosiga yangi nominaldagi banknotani ishlab chiqish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha bosim o‘tkazilmoqda. Tashabbusni g‘aznachi Brendon Bich hamda uning maslahatchisi Mayk Braun ilgari surayotgani aytilmoqda.

Banknota dizayni

Loyiha doirasida bir nechta dizayn namunalari ham tayyorlangan. Ularning birida 250 dollarlik banknotaning markazida Donald Tramp surati joylashtirilgan bo‘lib, unda AQSH prezidenti va moliya vaziri Skott Bessent imzolari aks etgan.

Britaniyalik rassom Ian Aleksander ushbu maket mavjudligini tasdiqladi. Uning aytishicha, Tramp bilan AQSHning 250 yillik yubileyi munosabati bilan dizaynga Amerika bayrog‘i ranglari va maxsus logotip qo‘shish masalasi ham muhokama qilingan.

Nashr qayd etishicha, AQSH milliy valutasida 1866 yildan beri tirik shaxs tasviri qo‘llanmagan. O‘sha davrda 5 sentlik banknotada G‘aznachilik amaldorining surati joylashtirilgan edi. Donald Tramp tasvirini banknotaga tushirish imkonini beruvchi qonun loyihasi esa 2025 yildan buyon AQSH Kongressida ko‘rib chiqilmoqda.

Shu bilan birga, bosma va o‘yma byurosi mutaxassislari yangi banknota ishlab chiqish jarayoni bir necha yil davom etishini bildirgan. Ular bu jarayon murakkab huquqiy ekspertiza va texnik xavfsizlik talablarini o‘z ichiga olishini ta’kidlamoqda.

AQSH'ning Mustaqillik kuni

Ma’lumot uchun, 1776-yilda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasida AQSHning Britaniya imperiyasidan mustaqil bo‘lgani e’lon qilingan. Ushbu deklaratsiya 1776-yil 2-iyul kuni Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida Kongress tomonidan qabul qilingan.

Oradan ikki kun o‘tib, Kongress hujjatning tahrirlangan variantini ham tasdiqlab, uni chop etish va aholiga tarqatish bo‘yicha topshiriq beradi. Shu sababli 4-iyul AQSHning tashkil topgan kuni sifatida qabul qilingan va hozirgacha Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi.

Теглар

Мавзуга оид