Tramp «Tinchlik kengashi»ga 10 mlrd dollar ajratmoqda
Vashingtonda yangi xalqaro tuzilma — «Tinchlik kengashi» ilk yig‘ilishini o‘tkazdi. Donald Tramp bu tuzilma BMTga yordam berishini aytdi va yangi tuzilmaga 10 mlrd dollar ajratishga tayyorligini bildirdi.

19-fevral kuni AQSH poytaxtida tashkil etilgan «Tinchlik kengashi»ning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tuzilmaga qariyb 35 davlat qo‘shilgan. Tanqidchilar uni Trampning imij loyihasi deb baholamoqda, ammo prezident «Kengash BMT faoliyatini nazorat qiladi va uning samaradorligini oshiradi», deya ta’kidladi.
Tramp BMTni kuchaytirish zarurligini qayd etar ekan, «tashkilotni qadrsizlantirmaslik kerak, unda katta salohiyat bor» dedi. Shu bilan birga, Vashington yangi tuzilmaga 10 mlrd dollar ajratishga tayyorligini bildirdi. Prezident bu miqdorni «urush xarajatlari bilan taqqoslaganda juda kichik» deb atadi.
Yaqin Sharq va sheriklar
Trampning ta’kidlashicha, Qozog‘iston, Ozarboyjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Kuvayt G‘azo sektoriga yordam uchun 7 mlrddan ortiq mablag‘ ajratgan. Indoneziya, Marokash, Albaniya, Kosovo va Qozog‘iston esa mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun harbiy va politsiya kuchlarini yo‘llamoqchi.
Prezident Eron bilan yadroviy masaladagi muloqotni ham tilga oldi. U maxsus vakil Stiven Uitkoff va Jared Kushner faoliyatini yuqori baholab, «Eronda yadroviy qurol bo‘lmasligi kerak» dedi va vaziyat 10 kun ichida oydinlashishiga umid bildirdi.
Siyosiy signal
Tramp ayrim xorijiy yetakchilarni hokimiyatga kelishida qo‘llab-quvvatlaganini eslab o‘tdi. Ular orasida Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi va Argentina prezidenti Xavier Miley bor.
Shuningdek, Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanni parlament saylovlari oldidan qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Tahlilchilar fikricha, «Tinchlik kengashi» orqali Tramp xalqaro siyosatda yangi platforma yaratishga harakat qilmoqda va bu BMT rolini qayta baholashga olib kelishi mumkin.





