Logo

Tramp Venesuela neft zaxiralarini AQSH nazorati ostiga o‘tkazishini e’lon qildi

Бугун 14:572 дақиқа

Oq uy rahbari yangi kelishuv Qo‘shma Shtatlarning neft zaxiralarini ikki barobardan ko‘proq oshirishi va benzin narxlarini pasaytirish imkonini berishini aytdi.

Tramp Venesuela neft zaxiralarini AQSH nazorati ostiga o‘tkazishini e’lon qildi © White House

AQSH Venesuela bilan kelishuv tuzdi. Unga ko‘ra, mamlakatning 65 milliard barreldan ortiq neft zaxiralari AQSH nazoratiga o‘tadi. Bu haqda Oq uy rahbari Donald Tramp Truth Social tarmog‘ida ma’lum qildi.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari hozirgina Venesuela bilan jahon tarixidagi eng yirik neft bitimi bo‘yicha kelishuvga erishdi», — deb yozdi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvga davlat kotibi Marko Rubio va Pentagon rahbari Pit Hegset Venesuelaning muvaqqat prezidenti Delsi Rodrigez bilan birgalikda erishgan. Jarayonda xususiy biznes vakillari ham ishtirok etgan. Trampning ta’kidlashicha, bu kelishuv amerikalik soliq to‘lovchilardan mablag‘ talab qilmaydi.

AQSH prezidenti ushbu kelishuv mamlakatning neft zaxiralarini ikki barobardan ko‘proq oshirishini, bozordagi neft taklifini ko‘paytirishini va uzoq muddatda amerikaliklar uchun benzin narxlarini pasaytirishini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Venesuela iqtisodiyotini tiklashga hamda Karakas va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga yordam beradi.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio X ijtimoiy tarmog‘ida ushbu kelishuvni amerikaliklar va venesuelaliklar uchun «ulkan g‘alaba» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitim AQSHga barqaror neft zaxiralari va arzon neftdan foydalanish imkonini beradi. Venesuela esa qariyb 100 milliard dollarlik xususiy investitsiyalarni jalb qiladi, minglab yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratiladi va mamlakat iqtisodiyotini tiklashga yordam beradi.

Oldinroq «Bloomberg» Pentagon Venesuela neftiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishni muhokama qilayotganini xabar qilgan edi. Muzokaralar taxminan 17 ta neft koniga, jumladan, Orinoko neft mintaqasidagi va Marakaybo ko‘li atrofidagi konlarga tegishli bo‘lgan. Ko‘rib chiqilgan variantlardan birida neft konlarini 100 yil muddatga ijaraga olish taklif qilingan.

Vashington bilan munosabatlar yaqinlashayotgan bir paytda, Venesuela OPEKdan chiqish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu masala AQSH tomoni bilan muhokama qilingan, biroq hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Venesuela 1960-yildan beri OPEK a’zosi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp o‘zini AQSH tarixidagi eng buyuk prezident deb atagandi. Ekspertlar esa uni eng omadsiz prezidentlardan biri sifatida baholamoqda.

Теглар

Мавзуга оид