Trampga 321 ta tabiiy brilliantga ega uzuk sovg‘a qilindi
Uzuk AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan tuhfa qilingan.

Antverpen olmaz sanoati AQSH prezidenti Donald Trampga mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan 321 ta tabiiy brilliant bilan bezatilgan eksklyuziv uzuk sovg‘a qildi. Bu haqda AWDC (Antverpen jahon olmaz markazi) tashkiloti ma’lum qildi.
Ushbu uzuk Belgiyaning Antverpen shahri va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi tarixiy savdo aloqalarini o‘zida mujassam etadi. Ta’kidlanishicha, AQSH o‘nlab yillar davomida Antverpen tabiiy olmoslari uchun eng muhim eksport bozori bo‘lib kelmoqda. Sovg‘ani loyihalashtirish va yaratish bilan zargar hamda olmoslarga ishlov beruvchi David Gotlib shug‘ullangan.
Superboul uzuklaridan ilhomlangan dizayn va bayram tadbirlari
AWDC ma’lumotlariga ko‘ra, uzuk dizayni mashhur Superboul chempionlik uzuklaridan ilhomlangan bo‘lib, unda AQSH mustaqilligining 250 yilligiga nozik ishoralar mavjud. Mazkur noyob zargarlik buyumi 18 karatli oltin, 321 ta tabiiy brilliant va 75 ta qimmatbaho toshdan maxsus ushbu voqea uchun yaratilgan. Sovg‘ani mustaqillik yubileyiga bag‘ishlangan bayram marosimi vaqtida AQSH elchisi Bill Uayt qabul qilib oldi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH mustaqilligining yubileyiga bag‘ishlangan tadbirlar turkumini Oq uy maydonida bo‘lib o‘tgan tarixiy UFC turniri ochib bergan edi.





