Trampning ortidan Putin ham Xitoyga boradi

Бугун 20:151 дақиқа

Dmitriy Peskov tashrif muddatlari aniq bo‘lganini aytdi.

Trampning ortidan Putin ham Xitoyga boradi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Xitoyga bir kunlik tashrifi kelasi hafta oxirida, 20-may kuni amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda «South China Morning Post» (SCMP) nashri o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.

Mazkur tashrif Moskva va Pekin o‘rtasidagi muntazam aloqalarning bir qismi bo‘lib, Rossiya yetakchisi sharafiga parad yoki tantanali kutib olish marosimlari o‘tkazilishi rejalashtirilmagan. Bu haqda nashr suhbatdoshlari ma’lum qilgan.

Xitoy shu oyning o‘zida ikki yirik davlat rahbarini alohida qabul qilmoqda, bu esa rasmiy Pekinning Rossiya va AQSH bilan munosabatlarni muvozanatlashtirish borasidagi sa’y-harakati sifatida baholanmoqda. Eslatib o‘tamiz, 13-maydan 15-mayga qadar Xitoyda AQSH Prezidenti Donald Tramp rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tashrif muddatlari aniqlanganini va tayyorgarlik jarayoni yakuniga yetganini tasdiqladi.

«Yaqin vaqt ichida biz buni e’lon qilamiz. Tashrif tayyorlanmoqda; tayyorgarlik yakunlandi, deyish mumkin», — dedi Peskov.



Ma’lumot uchun, Kreml joriy yilning fevral oyida Vladimir Putin Xitoy rahbari Si Jinpingning 2026 yilning birinchi yarmida Xitoyga kelish taklifini qabul qilganini bildirgan edi. Avvalroq Putin Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvda ikki davlat munosabatlari o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni boshdan kechirayotganini ta’kidlagan.

Rossiya Prezidentining Xitoyga bundan oldingi safari 2025 yilning avgust oxiri va sentabr boshlarida amalga oshirilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид