Turkiy dunyo Turkistonda to‘planmoqda: yetakchilar sun’iy intellekt va raqamli kelajakni muhokama qiladi

Бугун 15:021 дақиқа

Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining norasmiy sammiti 2026-yil 15-may kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi. Asosiy e’tibor sun’iy intellekt, texnologiya va hamkorlikning yangi formatlariga qaratiladi.

Turkiy dunyo Turkistonda to‘planmoqda: yetakchilar sun’iy intellekt va raqamli kelajakni muhokama qiladi © Prezident matbuot xizmati

Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining norasmiy sammiti joriy yil 15-may kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tadi. Sammit mavzusi – «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish». Bu haqda tashkilot saytida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, sammitda tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi ishtirok etadi. Ular tez sur’atlarda rivojlanayotgan raqamli davrda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qiladi. Sammitda, shuningdek, Oqsaqollar kengashi va turkiy hamkorlik tashkilotlari ham qatnashadi.

Kun tartibidagi masalalar

Tashkilot bayonotida aytilishicha, norasmiy sammit turkiy davlatlar o‘rtasida sun’iy intellekt, raqamli innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarning o‘zgaruvchan salohiyatidan foydalanish masalalari bo‘yicha strategik muloqotni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘ladi.

Tomonlar barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, davlat xizmatlari sifatini oshirish va mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.

Rasmiy dastur doirasida Davlat rahbarlari kengashi yig‘inidan oldin Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ini ham o‘tkaziladi.

TDTda ta’kidlanishicha, sammitning Turkistonda – turkiy dunyoning ma’naviy poytaxtida o‘tkazilishi turkiy xalqlarning umumiy tarixiy merosi va raqamli texnologiyalar yordamida dinamik kelajak qurishga bo‘lgan umumiy intilishini anglatadi. Kutilishicha, sammit turkiy davlatlar o‘rtasidagi birlik, hamjihatlik va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

Теглар

Мавзуга оид

Turkiy dunyo Turkistonda to‘planmoqda: yetakchilar sun’iy intellekt va raqamli kelajakni muhokama qiladi | Vaqt.uz