Turkiyadagi noqonuniy migrantlar orasida o‘zbekistonliklar uchinchi o‘rinda
2025 yilda Turkiyada ushlangan noqonuniy migrantlar orasida O‘zbekiston fuqarolari soni keskin oshdi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada qo‘lga olingan noqonuniy migrantlar orasida uchinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Turkiya Migratsiya boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan rasmiy statistikada ma’lum qilindi.
Eng ko‘p noqonuniy migrantlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p noqonuniy migrantlar Afg‘oniston va Suriya fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2024 yilda 65 815 nafar afg‘onistonlik va 50 641 nafar suriyalik qo‘lga olingan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 44 157 nafar va 22 515 nafarni tashkil etgan. 2026 yilning 19-fevral holatiga ko‘ra, Afg‘onistondan 5 372 nafar, Suriyadan esa 2 361 nafar shaxs ushlangan.
O‘zbekistonlik noqonuniy migrantlar dinamikasi
O‘zbekiston bo‘yicha esa o‘sish qayd etilmoqda. 2024 yilda 11 521 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant sifatida ushlangan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat to‘rtinchi o‘rinda edi. 2025 yilda esa qo‘lga olinganlar soni 13 683 nafarga yetdi va natijada O‘zbekiston uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. 2026 yil boshidan buyon 1 437 nafar O‘zbekiston fuqarosi ushlangan.
Shu bilan birga, Turkmaniston, Eron, Iroq, Misr, Fas, Sudan va Jazoir fuqarolari ham noqonuniy migratsiya statistikasida qayd etilgan. 2022 yildan beri o‘zbekistonliklar orasida qo‘lga olish holatlari ortib bormoqda, Afg‘oniston fuqarolari bo‘yicha esa aksincha pasayish kuzatilmoqda.
Avvalroq Turkiyadagi xorijlik kelinlar reytingi ham e’lon qilingan bo‘lib, unda O‘zbekiston ayollari Suriyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallagani ma’lum qilingan.




