Turkmaniston sobiq prezidentining samolyoti AQSHda shikastlandi

Floridaga tashrif chog‘ida Turkmaniston rasmiy samolyoti texnik nuqson bilan qo‘ngani ma’lum bo‘ldi.

Turkmaniston sobiq prezidentining samolyoti AQSHda shikastlandi

Turkmaniston Xalq maslahati raisi va mamlakatning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning rasmiy samolyoti AQSHda shikastlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «Turkmen news» nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Berdimuhamedov 16–18-fevral kunlari Florida shtatida tashrif bilan bo‘lgan. Davlat ommaviy axborot vositalari safar dasturi tafsilotlarini ochiqlamagan. Faqat tashrif ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkinligi ta’kidlangan.

Shikastlangan samolyot

Rasmiy delegatsiya Fort-Loderdeyl xalqaro aeroportiga Boeing-777 rusumli, EZ-A780 bort raqamli samolyotda yetib kelgan. Mahalliy bloger va jurnalistlar tomonidan olingan videolarda laynerning gorizontal stabilizatori shikastlangani ma’lum bo‘lgan. Bu holat parvoz xavfsizligiga ta’sir qilgan-qilmagani haqida ma’lumot yo‘q.

Berdimuhamedov ortidan Ashxoboddan yana bir hukumatga qarashli Boeing-737 (EZ-A700) samolyoti uchib kelgan. U yo‘lda Shotlandiyaning Glazgo shahrida qisqa muddat yonilg‘i quyish uchun to‘xtagan. Keyin samolyot Fort-Loderdeylda taxminan to‘rt soat turib, Germaniyaning Myunxen shahri orqali Ashxobodga qaytgan.

Berdimuhamedov va Tramp uchrashuvi tasdiqlanmagan

Berdimuhamedovning Floridadagi uchrashuvlari va muzokaralari mazmuni hozircha ochiqlanmagan. E’tiborli jihati shundaki, aeroportdan taxminan 45 daqiqa masofada AQSH prezidenti Donald Trampning «Mar-a-Lago» xususiy qarorgohi joylashgan. Biroq ikki tomon o‘rtasida uchrashuv bo‘lgani tasdiqlanmagan.

Теглар

Мавзуга оид