Turkmanistonda «Starlink» antennalari musodara qilinmoqda

Past tezlik va blokirovkalar aholini sun’iy yo‘ldosh internetiga o‘tishga majbur qilmoqda.

Turkmanistonda «Starlink» antennalari musodara qilinmoqda

Turkmanistonda aprel oyining o‘rtalaridan boshlab «Starlink» sun’iy yo‘ldosh internet antennalari aniqlanib, demontaj qilinmoqda. Bu haqda «Turkmen news» xabar berdi.

Reydlar va musodara

Qayd etilishicha, mamlakatda aloqa tizimining og‘ir holati, internet tezligining pastligi va tariflarning qimmatligi sababli aholi «Starlink» xizmatiga o‘tishga majbur bo‘lgan. Fevral oyining o‘rtalaridan boshlab Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan joriy etilgan tarmoq «sustlashtirilishi» esa ushbu xizmatga talabni yanada oshirgan.

Axshabad va Annau shaharlarida Milliy xavfsizlik vazirligi, politsiya, prokuratura va aloqa vazirligi xodimlari ishtirokida qo‘shma reydlar o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlar turarjoy binolari, ofislar va savdo obyektlarini qamrab olgan bo‘lib, asosiy e’tibor binolar tomlariga qaratilmoqda.

Topilgan «Starlink» uskunalari musodara qilinmoqda. Hozircha ularning egalariga nisbatan qanday jazo qo‘llanilishi haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Mahalliy internet va «Starlink» o‘rtasidagi katta farq

Garchi «Starlink» rasman Turkmanistonda xizmat ko‘rsatmasa-da, yuqori tezlik va barqaror internet uchun to‘lov qilishga tayyor foydalanuvchilar orasida u mashhur bo‘lib kelmoqda.

Turkmanistonda kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan «Starlink» terminallarini sotib olish va o‘rnatish uchun bir martalik xarajat taxminan 1–1,5 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Biroq bir necha oydan keyin, mahalliy yuqori tezlikdagi tariflar bilan solishtirganda, iqtisodiy tejamkorlik paydo bo‘ladi.

«Starlink» abonentlari oyiga 100 dollar to‘lab, 200 Mb/s dan yuqori barqaror internet tezligiga ega bo‘lishadi.

«Turkmentelecom» aholi uchun eng yuqori tarif sifatida faqat 6 Mb/s tezlikni taklif qiladi. Turkmanistonda «Starlink» bilan solishtiriladigan darajadagi tarif (2250 manat yoki 112 dollar atrofida) faqat 8 Mb/s tezlikni beradi.

Eng yuqori tezlik – 100 Mb/s – esa 6 280 dollar evaziga taklif etiladi va bu ham faqat yuridik shaxslar uchun mavjud. Chet el kompaniyalari uchun maksimal tarif oyiga 35 702 dollargacha yetadi.

Biroq asosiy muammo tezlikda emas, balki sifatda. Turkmenistan provayderlari interneti keng ko‘lamli blokirovkalar, tez-tez uzilishlar va fevraldan boshlab «sustlashtirish» siyosati bilan tavsiflanadi.

Bu jarayon Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan mahalliy «Ykjam Aragatnashyk firewall» asosida amalga oshirilgan. Hozirda paket yo‘qotishlari 70 foizgacha yetib, oddiy xabar yuborish ham bir necha daqiqa vaqt olishi mumkin, bu esa onlayn ishlashni deyarli imkonsiz qiladi.

Uzilishlar

Turkmanistonda Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan yana bir bor keng ko‘lamli blokirovkalar qo‘llanildi. Ular deyarli har kuni kuzatilmoqda. 19-aprel kuni mamlakatda bir necha soat davomida eng yirik qidiruv tizimi «Google» va shu bilan birga, «Gmail» pochta xizmati ham ishlamadi. «Google Workspace» tarkibidagi boshqa xizmatlar, jumladan hujjatlar bilan ishlash vositalari esa noyabr oyidan beri bloklangan.

Bu holatlar Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan cheklovlar tizimli emas, balki noaniq va faoliyatga zarar yetkazuvchi xarakterga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Turkmanistonda internetning og‘ir ahvoli aholini «Starlink» xizmatidan foydalanishga majbur qilmoqda. Aksariyat foydalanuvchilar uchun asosiy maqsad trafikni yashirish emas, balki internetning umuman ishlashi hisoblanadi.

Shu bilan birga, aholi fikricha, Kiberxavfsizlik boshqarmasidagi korrupsion holatlar va noto‘g‘ri boshqaruv mamlakatda internetdan normal foydalanishni yanada qiyinlashtirmoqda.

Теглар

Мавзуга оид