Logo

Ukraina NATO orqali qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar xarid qilish imkoniga ega bo‘ldi

Ukraina NATOning Ta’minlash va xaridlar bo‘yicha agentligi bilan sheriklik o‘rnatdi.

Ukraina NATO orqali qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar xarid qilish imkoniga ega bo‘ldi

Ukraina NATOning o‘z xaridlar agentligi orqali qurol-yarog‘ hamda o‘q-dorilarni sotib oladi va g‘arblik ittifoqchilar bilan yanada yaqinroq hamkorlik qiladi. Bu haqda Financial Times nashri ma’lum qildi.
Ukrainaning NATO Ta’minlash va xaridlar bo‘yicha agentligi (NSPA) bilan sheriklikka kirishishi mamlakatga qo‘shimcha xarid kanalini taqdim etadi.

Mazkur hamkorlik orqali tomonlarning o‘zaro tizimli ishlashiga sharoit yaratiladi.

«Bu Ukrainaga bizning imkoniyatlarimizning keng doirasidan: xaridlar sohasidagi ekspert bilimlari, qo‘llab-quvvatlash xizmatlari va rivojlangan sanoat bazasiga kirishdan foydalanish uchun yanada tizimli asos yaratish imkonini beradi. Ko‘lam hisobiga tejamkorlikka erishiladi», — dedi Ta’minlash operatsiyalari bo‘yicha agentlik direktori Jaklin Borsbum.

Mahalliy kompaniyalar tenderlarda ishtirok etadi

Nashrning qayd etishicha, Ukrainaga NATO agentligi orqali xaridlarni amalga oshirishga ruxsat berilishi joriy yilning aprel oyida qabul qilingan qarorga asoslanadi.

Unga ko‘ra, Ukraina mudofaa kompaniyalariga tegishli ta’minot bo‘yicha tenderlarda qatnashishga ruxsat berilgan edi.

Shu munosabat bilan, o‘tgan haftada NSPA Kiyevda 150 ga yaqin Ukraina kompaniyalari ishtirokida sohaviy tadbir tashkil qildi.

Mazkur tadbirda mahalliy ishlab chiqaruvchilar qanday qilib tegishli yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari va shartnomalarni qo‘lga kiritish uchun tanlovlarda ishtirok etishlari mumkinligi tushuntirib o‘tildi.

Теглар

Мавзуга оид