Ukraina qishki Paralimpiada—2026ga siyosiy boykot e’lon qildi
Kiyev rasmiylari Rossiya va Belarus sportchilari milliy bayroq ostida qatnashishidan norozi.

Ukraina hukumati 2026 yilgi qishki Paralimpiya o‘yinlarini siyosiy boykot e’lon qildi. Qaror Rossiya va Belarus sportchilariga milliy bayroqlari ostida ishtirok etishga ruxsat berilgani ortidan qabul qilindi.
Ukraina delegatsiyasi ochilish marosimi va boshqa rasmiy tadbirlarda qatnashmaydi. Bu haqda 18-fevral kuni mamlakat sport vaziri Matvey Bedniy ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, tashkilotchilarning mazkur qarori jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otgan.
Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa ham qarorni tanqid qildi. U Rossiya va Belarus davlat ramzlari tajovuz va urush bilan bog‘liq ekanini bildirib, ularni jinoyatlardan ajratib bo‘lmasligini qayd etdi. Sibixa ukrain elchilariga qabul qiluvchi davlatlar rasmiylari bilan muzokara o‘tkazish va qaror bekor qilinmasa, 6-mart kuni bo‘ladigan ochilish marosimida ishtirok etmaslikka chaqirish topshirilganini ma’lum qildi.
Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi qarori
Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi esa olti nafar rossiyalik va to‘rt nafar belorus sportchisiga milliy bayroq ostida qatnashishga ruxsat berganini bildirgan. Bu qaror 2022 yil fevralda Ukrainada urush boshlanganidan beri ilk bor qabul qilindi.
Qo‘mita buni o‘tgan yil sentabrda Bosh assambleya tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya bilan izohladi. Unga ko‘ra, avvalgi chetlatish qarorlari bekor qilinib, sportchilarga Italiyadagi o‘yinlarda davlat ramzlari bilan ishtirok etish imkoni berilgan.
Qishki Paralimpiya o‘yinlari 6–15-mart kunlari Milan, Kortina-d Ampetsso va Val-di-Femme shaharlarida o‘tkaziladi. Ayni paytda davom etayotgan Olimpiadada Rossiya va Belarus vakillari faqat neytral maqomda ishtirok etmoqda.





