Umra vizalarini rasmiylashtirishning so‘nggi muddati e’lon qilindi

20.02.2026 | 11:152 дақиқа

Saudiya hukumati haj mavsumi oldidan ziyoratchilar oqimini tartibga solish maqsadida so‘nngi umra safari sanalarni ma’lum qildi.

Umra vizalarini rasmiylashtirishning so‘nggi muddati e’lon qilindi © alhidoya.uz

Saudiya Arabistoni 2026 yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik doirasida umra safarlarini rasman cheklaydi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, umra vizalarini rasmiylashtirish 2026 yil 19-mart kuni yakunlanadi. Ushbu sanadan keyin yangi umra vizalari berilmaydi.

Umraga borishning so‘nggi muddati

Xorijlik ziyoratchilarning mamlakat hududiga kirishi uchun so‘nggi muddat 2-aprel 2026 yil etib belgilangan. Bu muddatdan keyin umra maqsadida kirishga ruxsat berilmaydi. Shu bilan birga, barcha ziyoratchilar 18-aprel 2026 yilga qadar Saudiya Arabistonini tark etishlari shart.

Belgilangan cheklovlar haj mavsumiga infratuzilmaviy va xavfsizlik jihatidan tayyorgarlik ko‘rish maqsadida joriy etilmoqda. Makka va Madina shaharlarida resurslar, tibbiy xizmatlar, transport va joylashtirish tizimi to‘liq haj ziyoratchilari ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bir vaqtning o‘zida ham umra, ham haj ziyoratchilarini qabul qilish katta tirbandlik va xavfsizlik xatarlarini keltirib chiqaradi. Shu bois umra vaqtincha to‘xtatilib, barcha kuch va imkoniyatlar haj tadbirlariga safarbar etiladi.

Viza muddatini buzish yoki belgilangan vaqtdan ortiqcha qolish Saudiya qonunchiligiga muvofiq qat’iy jazolarga sabab bo‘ladi. Jumladan, moliyaviy jarimalar, deportatsiya va keyingi safarlarga taqiq choralari qo‘llanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Haj – 2026 mavsumida quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilarga haj safarini amalga oshirishga ruxsat berilmaydi:

— Dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;

— Minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;

— Davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi o‘pkaning surunkali kasalliklari;

— Jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi jigar sirrozining og‘ir bosqichi;

— Og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;

— Qarilik demensiyasi kasalliklari;

— Homiladorlikning oxirgi uch oyi, shuningdek, yuqori xavfga ega bo‘lgan har qanday homiladorlik;

— Faol yuqumli kasalliklar (shu jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va hokazo);

— Kimyoterapiya yoki boshqa immunitetni susaytiruvchi muolajalardan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar;

Теглар

Мавзуга оид