Logo

«Ushbu tashrif muhim sahifani ochdi» — Saida Mirziyoyeva Ozarboyjon prezidentining tashrifi haqida

Кеча 22:221 дақиқа

Prezident Administratsiyasi rahbari Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlari va imzolangan Abadiy do‘stlik shartnomasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

«Ushbu tashrif muhim sahifani ochdi» — Saida Mirziyoyeva Ozarboyjon prezidentining tashrifi haqida © Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari yuzasidan munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tashrif ikki davlatning ko‘p qirrali aloqalari tarixida muhim sahifa ochgan. Bu haqda u o‘zining rasmiy Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

U oliy martabali mehmonlar va ularning oila a’zolari katta ehtirom bilan kutib olinganini qayd etgan. Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakatni o‘zgacha birodarlik rishtalari bog‘lab turadi va bu yaqinlik nafaqat rasmiy doiralarda, balki xalqlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibatida ham doim sezilib turadi.

«Tariximiz, madaniyatimiz va an’analarimizdagi mushtaraklik bugun infratuzilmadan to investitsiyalargacha — ko‘plab sohalardagi yangi qo‘shma loyihalar ko‘rinishida yanada boyimoqda», — deya yozdi u.

Munosabatda tashrif doirasida imzolangan asosiy hujjatning ahamiyatiga alohida urg‘u berilgan.

«Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi va nazarimda, ushbu hujjatning nomiyoq bugun O‘zbekiston hamda Ozarboyjonni bog‘lab turgan rishtalarning tub mohiyatini aniq ifodalaydi», — deya yozdi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Saida Mirziyoyeva ozarboyjonlik mehmonlarni O‘zbekistonda ko‘rishdan har doim xursand ekanini bildirib, «Hamisha bag‘rini ochib sizni qarshi oladigan diyorimizga xush kelibsiz, aziz qardoshlar!» deya ta’kidlagan.

Теглар