Uy-joy bozori tahlili: Poytaxtdagi eng arzon uylar qaysi hududda joylashgan?

2026 yil aprel oyida Toshkent uy-joy bozorida umumiy narxlar keskin o‘zgarmagan bo‘lsa-da, tumanlar va xonalar soni kesimida farq sezilarli kuchaydi.

Uy-joy bozori tahlili: Poytaxtdagi eng arzon uylar qaysi hududda joylashgan? © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joy bozorida faollik sezilarli darajada pasaygan.

Hisobotga ko‘ra, oy davomida jami 44,5 mingta uy-joy e’loni joylashtirilgan. Bu mart oyiga nisbatan 13,4 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,7 foizga kamdir.

Bozorda birlamchi segment ulushi o‘sishda davom etmoqda. 2024 yil yanvarda yangi uylar ulushi 33,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 47,6 foizga yetgan. Shu bilan birga, ikkilamchi bozor ulushi 66,2 foizdan 52,4 foizga tushgan.

Narxlarda segmentlar bo‘yicha farq

Uy-joy bozorida 2–3 xonali segmentlarda narx nisbatan barqaror saqlanmoqda. Birlamchi bozorda 4+ xonali yuqori narx segmentida pasayish saqlanmoqda, ikkilamchi bozorda esa ushbu segmentda mo‘’tadil o‘sish qayd etildi.

Birlamchi bozorda narxlarning o‘zgarishi:
3 xonali — 1,8 foizga o‘sgan;
2 xonali — 0,7 foizga o‘sgan;
1 xonali — 1,6 foizga tushgan;
4+ xonali — 2,1 foizga tushgan.

1

2

Ikkilamchi bozorda narxlarning o‘zgarishi
1 xonali — 3,5 foizga o‘sgan;
2 xonali — 0,4 foizga o‘sgan;
3 xonali — 1,2 foizga o‘sgan;
4+ xonali — 0,6 foziga o‘sgan.

Markazga yaqin hududlarda to‘liq ta’mirlangan uylar narxi yuqoriligicha qolmoqda

Eng yuqori narxlar Mirobod tumani, Yakkasaroy tumani va Mirzo Ulug‘bek tumanida kuzatilmoqda. Ushbu hududlarda 1 metr kvadrat uchun taklif narxi 1413 dollardan 2121 dollargacha yetgan.

Shayxontohur tumani, Yunusobod tumani, Chilonzor tumani va Yashnobod tumanida bu ko‘rsatkich 1195–1797 dollar oralig‘ida shakllangan.

Eng past narxlar Uchtepa tumani, Olmazor tumani hamda Sirg‘ali tumanida qayd etilgan. Bu hududlarda narxlar 900–1367 dollar atrofida.

«Yangi Toshkent» ta’siri

Yashnobod tumanidagi narx o‘sishini qurilish faolligi, infratuzilma rivoji va Yangi Toshkent loyihasi bilan bog‘liq kutilmalar bilan izohlanmoqda.

Shu bilan birga, naqdsiz oldi-sotdi tartibining joriy qilinishi hozircha bozorda keskin o‘zgarishlarga olib kelmagan. Mutaxassislar uning haqiqiy ta’sirini baholash uchun yilning ikkinchi yarmidagi dinamika muhim bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, uy-joy arzon yoki qimmat sotilsa, ko‘chmas mulk obyektlari bozor qiymatidan kelib chiqib soliq qayta hisoblanadi.

Теглар

Мавзуга оид