Uy-joy uchun ipoteka: qaysi banklar eng past foizli kreditlarni taklif qilmoqda?
O‘zbekistonda Markaziy banki banklar kesimida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi.

2026 yil 20-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 23,5 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan ilk bor e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarda ko‘rish mumkin.
Stavkalar banklar kesimida ancha farq qilib, eng past va eng yuqori ko‘rsatkichlar orasida qariyb 8 foizlik tafovut mavjud.
Eng past foiz stavkasi «Aloqabank» tomonidan taklif etilmoqda — 18 foiz. Shuningdek, «SQB» (21,2 foiz), «Agrobank» (21,3 foiz) va «Ipoteka bank» (21,6 foiz) kabi yirik moliya institutlari ham nisbatan past stavkalarni saqlab turibdi. «Hamkorbank» va «Milliy bank»da bu ko‘rsatkich 21,9 foizni tashkil etgan.
O‘rta diapazondagi banklar qatoriga «Infinbank» (22,4 foiz), «Xalq banki» (22,9 foiz) va «Davr bank» (23,3 foiz) kiradi. «OFB»da ipoteka krediti bo‘yicha stavka 23,5 foiz darajasida qayd etilgan.
Jumladan, «BRB»da 24,3 foiz, «Ipak yo‘li bank»da 24,5 foiz, «Mikrokreditbank»da 24,6 foiz va «Ziraat bank»da 25 foiz belgilangan. «Turon bank» va «Asakabank»da bu ko‘rsatkich mos ravishda 25,5 foiz va 25,8 foizni tashkil etgan.
Eng yuqori stavka 26 foiz bilan «Trastbank», «Asia Alliance bank» va «Universak bank»da qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ipoteka krediti uchun subsidiya olish, u kimlarga va qay tarzda berilishi haqida ma’lumot bergan edik.





