UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi ilk marta 50 foizdan tushib ketdi

Бугун 17:552 дақиқа

Kompaniya foydasi ham yil boshida 16 foizga kamaygandi. Cobalt savdosi qariyb 30 foizga pasaydi.

UzAuto Motors’ning bozordagi ulushi ilk marta 50 foizdan tushib ketdi © sun'iy intelekt

2026 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda 121 601 dona avtomobil sotildi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» xabar bermoqda.

Yil boshidan beri sotilgan avtomobillar sonida UzAuto Motors ulushi birinchi marta 50 foizdan pastga tushib, 47,8 foizni tashkil qildi.

Taqqoslash uchun, bundan ikki yil avval avtomobil ishlab chiqaruvchisining ulushi 90 foiz atrofida edi. Bu darajada yuqori pasayish ko‘proq Khorezm Auto’da ishlab chiqarish ko‘payishi hisobiga bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Damas va Labo aynan Xorazmda ishlab chiqariladi. Biroq, Khorezm Auto’ning ulushi bilan ham UzAuto Motors ulushi 77,8 foizni tashkil qilgan bo‘lardi.

UzAuto Motors foydasi ham 2026 yilda pasayishni boshlagan. Yilning dastlabki choragida kompaniya o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga kamroq foyda oldi va sof foyda 648,3 mlrd so‘mni tashkil qildi.

0

Avtokonsern ulushi pasayishiga BYD, KIA, Haval va Chery kabi brendlar ostida avtomobillar savdosi ko‘paygani sabab bo‘ldi.

Shunga qaramay, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Chevrolet brendi ostida sotilgan avtomobillar soni 88 216 tadan 95 727 tagacha ko‘paydi.

Biroq, BYD va KIA brendi ostidagi avtomobillar savdosi ham sezilarli ko‘paydi. BYD gibrid va elektr avtomobillari savdosi 5 953 tadan 10 927 taga ko‘paydi.

Modellar savdosi qanday o‘zgardi?

Eng ommabop model — Cobalt savdosi pasayishda davom etmoqda. Yil boshidan beri 29 923 ta Cobalt savdosi amalga oshirilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkich — 42 504 donaga nisbatan qariyb 30 foizga kamroq.

Chevrolet brendi ostida boshqa modellar savdosi 2025 yilning mos davriga nisbatan oshgan. BYD Yuan Up, KIA Sonet, BYD Chazor kabi modellar savdosi esa keskin ko‘paygan.

Statistikada faqat O‘zbekistonda yig‘ilgan yoki ishlab chiqarilgan avtomobillar inobatga olingan.

Elektromobillar ommalashmoqda

2024 yil iyun oyida jami takliflarda elektromobillar ulushi 5,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yil apreliga kelib bu ko‘rsatkich 10 foizga yetgan. Shu bilan birga, mahalliy avtomobillar ulushi 53,7 foizdan 47 foizgacha qisqargan.

00

Elektromobillar importi ham tobora o‘sib bormoqda. Yil boshidan beri O‘zbekistonga 508,3 mln dollarlik yengil avtomobil import qilindi. Shundan 309,3 mln dollari elektromobil bo‘lib, import o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar o‘sdi.

Benzinli avtomobillar importi esa 3,9 foizga kamayib, 5 793 donadan 5 568 donaga tushgan. Ularning qiymati ham 117,5 mln dollardan 115,8 mln dollarga kamaygan.

Shuningdek, yil boshidan beri gibrid avtomobillar importida keskin o‘sish kuzatildi. Ularning importi o‘tgan yili 329 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 8,6 barobar oshib 2 829 taga yetdi.

Теглар

Мавзуга оид