Logo

UzBATning tushumi 86 mlrd so‘mga, foydasi esa 47 mlrd so‘mga qisqardi

Бугун 09:003 дақиқа

O‘zbekistondagi yetakchi tamaki ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan UzBAT 2026-yilning birinchi yarmida 1,78 trln so‘m tushum oldi. Tushum qisqarganiga qaramay, kompaniya 676 mlrd so‘m sof foyda ko‘rdi.

UzBATning tushumi 86 mlrd so‘mga, foydasi esa 47 mlrd so‘mga qisqardi © Google Map

O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasi «UzBAT A.O.» 2026-yilning birinchi yarmida 1,78 trln so‘mlik tushum oldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,6 foizga kam. Bu haqdagi ma’lumot kompaniyaning ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan hisobotida keltirilgan.

Tushum va tannarx qisqardi

Kompaniyaning 2026-yil yanvar–iyun oylaridagi tushumi 1,776 trln so‘mni tashkil qilgan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,862 trln so‘m edi. Ya’ni tushum 86,1 mlrd so‘mga yoki 4,6 foizga kamaygan.

Biroq sotilgan mahsulotlar tannarxi bundan ham tezroq — 671,6 mlrd so‘mdan 609,7 mlrd so‘m (-9,2) gacha qisqargan

Natijada yalpi foyda 2025-yilning birinchi yarmidagi 1,190 trln so‘mdan 1,166 trln so‘mgacha kamaygan. Pasayish darajasi 24,2 mlrd so‘m yoki 2 foizni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, kompaniyaning yalpi marjasi yaxshilangan, ya’ni tushumga nisbatan yalpi foyda ulushi taxminan 64 foizdan 65,7 foizga ko‘tarilgan.

Sotish xarajatlari baland

Kompaniyaning sotish xarajatlari sezilarli oshgan. Birinchi yarim yillikda bu xarajatlar 235,9 mlrd so‘m bo‘lgan. Bir yil oldin esa 211,5 mlrd so‘m edi.

Demak, sotish xarajatlari 24,5 mlrd so‘mga yoki 11,6 foizga oshgan.

Ma’muriy xarajatlar deyarli o‘zgarmay, 72,4 mlrd so‘mga yetgan. Boshqa operatsion xarajatlar esa 56,9 mlrd so‘mdan 74,1 mlrd so‘mgacha, ya’ni qariyb 30 foizga oshgan.

Shu sababli kompaniyaning operatsion foydasi 859,3 mlrd so‘mdan 788,5 mlrd so‘mgacha kamaygan. Bu 70,8 mlrd so‘mlik yoki 8,2 foizlik pasayish hisoblanadi.

Sof foyda qisqargan

Hisobot davrida UzBATning soliqqa qadar foydasi 806,2 mlrd so‘mни tashkil qilgan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 859,1 mlrd so‘m edi.

Daromad solig‘i xarajati ham biroz kamayib, 136,4 mlrd so‘mdan 130,2 mlrd so‘mgacha tushgan.

Shunga qaramay, kompaniyaning sof foydasi 722,8 mlrd so‘mdan 676 mlrd so‘mgacha qisqargan. Bu 46,7 mlrd so‘m yoki 6,5 foiz pasayish degani.

1

Bir aksiya uchun bazaviy foyda ham 29,32 so‘mdan 27,43 so‘mgacha tushgan.

Muhim jihati shundaki, kompaniyaning o‘rtacha muomaladagi aksiyalari soni deyarli o‘zgarmagan — qariyb 24,65 mln dona. Demak, aksiya boshiga foydaning kamayishi yangi aksiyalar chiqarilishi bilan emas, kompaniyaning foydasi qisqargani bilan bog‘liq.

Kompaniyaning aktivlari oshgan

30-iyun holatiga UzBATning jami aktivlari 2,350 trln so‘mни tashkil qilgan. 2025-yil oxirida bu ko‘rsatkich 2,269 trln so‘m edi.

Ya’ni olti oyda aktivlar 80,8 mlrd so‘mga yoki 3,6 foizga oshgan.

Bunda asosiy o‘zgarishlardan biri kompaniyaning pul mablag‘larida kuzatilgan. Hisobot davri oxirida naqd pul va uning ekvivalentlari 417,7 mlrd so‘mга yetgan. Yil boshida esa 238,8 mlrd so‘m edi.

Bu 178,9 mlrd so‘mlik yoki 75 foizdan ortiq o‘sishни anglatadi.

2

Aksincha, zaxiralar 748,5 mlrd so‘mdan 704,4 mlrd so‘mgacha, savdo va boshqa debitorlik qarzlari esa 264,9 mlrd so‘mdan 255,9 mlrd so‘mgacha kamaygan.

Kreditorlik qarzi 144 mlrd so‘mga oshgan

Kompaniyaning moliyaviy holatidagi yana bir e’tiborli o‘zgarish — qisqa muddatli majburiyatlarning ko‘payishi.

Joriy majburiyatlar 613 mlrd so‘mdan 713,7 mlrd so‘mgacha oshgan. Bu qariyb 100,8 mlrd so‘mlik yoki 16,4 foizlik o‘sish hisoblanadi.

Buning asosiy qismi savdo va boshqa kreditorlik qarzlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu majburiyatlar 404,6 mlrd so‘mdan 548,4 mlrd so‘mgacha ko‘paygan. Ya’ni olti oy ichida 143,8 mlrd so‘m yoki 35,5 foizga oshgan.

Shu bilan birga, kompaniyaning soliq majburiyatlari aksincha 206,4 mlrd so‘mdan 162,2 mlrd so‘mgacha kamaygan.

Uzoq muddatli majburiyatlar esa 31,2 mlrd so‘mdan 36,9 mlrd so‘mgacha oshgan. Hisobotda uzoq muddatli majburiyatlarning asosiy qismini kechiktirilgan soliq majburiyatlari tashkil etayotgani ko‘rsatilgan.

Kapital qisqargan

Kompaniyaning o‘z mablag‘lari 2025-yil oxiridagi 1,626 trln so‘mdan 1,599 trln so‘mgacha kamaygan.

Bunda asosiy omil taqsimlanmagan foydaning qisqarishi bo‘lib, qiymat 1,534 trln so‘mdan 1,507 trln so‘mgacha, ya’ni 26,4 mlrd so‘mga kamaygan.

Ustav kapitali esa deyarli o‘zgarmay, 90,7 mlrd so‘m atrofida qolgan.

Теглар

Мавзуга оид