Logo

UzQR olish endi yanada qulay: arizani onlayn yuboring

Tadbirkorlarga zamonaviy va qulay bank xizmatlarini taqdim etish maqsadida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan UzQR olish jarayoni raqamlashtirildi. Endi tadbirkorlarga QR-kod olish uchun bank ofisiga borish shart emas – barcha jarayonni Biznes 24/7 ilovasi orqali masofadan turib amalga oshirish mumkin.

UzQR olish endi yanada qulay: arizani onlayn yuboring

Yangi imkoniyat tadbirkorlarga vaqtni tejash, to‘lovlarni qabul qilish jarayonini soddalashtirish va savdo nuqtasida hisob-kitoblarni yanada qulay tashkil etish imkonini beradi.

Yagona UzQR — turli to‘lovlar uchun yagona yechim.

Tadbirkor bitta UzQR orqali turli banklar va to‘lov ilovalaridan keladigan to‘lovlarni qabul qilishi mumkin. Buning uchun bir nechta QR-kod yoki qo‘shimcha qurilmalardan foydalanishga ehtiyoj qolmaydi.

Shuningdek, QR orqali amalga oshirilgan to‘lovlar tadbirkorning bank hisobvarag‘iga tushadi, barcha operatsiyalarni esa yagona platforma orqali kuzatib borish mumkin. Natijada kassadagi ortiqcha jarayonlar qisqaradi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish tezlashadi.

Mijozlar uchun ham qulaylik

UzQR orqali xaridorlar o‘zlariga qulay bo‘lgan istalgan bank yoki to‘lov ilovasi orqali to‘lovni amalga oshirishlari mumkin. Bu esa naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish bilan birga, to‘lov jarayonini tez va osonlashtiradi.

UzQR’ni qanday olish mumkin?

Buning uchun tadbirkorga Biznes 24/7 ilovasida bir nechta oddiy qadamni bajarish kifoya:

Yagona QR → Ariza yuborish → Holatini kuzatish → QR yaratish → Yuklab olish

Biznesni rivojlantirish banki raqamli xizmatlarni rivojlantirish orqali tadbirkorlarning bank xizmatlaridan foydalanishini yanada soddalashtirish va ular uchun vaqt va xarajatni tejaydigan yechimlarni kengaytirishda davom etmoqda.

Bank axborot xizmati

Теглар

Мавзуга оид