«Uzum bank»dan «Agrobank»gacha: Markaziy bank bir qancha moliya tashkilotlarini jarimaga tortdi
Regulyator «Sirli mijoz» nazorat tadbiri doirasida 14 ta bankka 681,5 mln so‘m jarima qo‘lladi. Bunda «Agrobank»ka nisbatan 255 mln so‘m, «SQB»ga nisbatan 119,5 mln so‘m jarima belgilandi.

Markaziy bank o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida bir qancha banklar va mikromoliya tashkilotlari jarimaga tortilganini ma’lum qildi. Ulardan 3 ta bank nomi ochiqlandi.
Regulyatorga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida «Shaffof-moliya» va «Tezcoin» mikromoliya tashkilotlarida hamda «Uzum bank»da o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida qonunchilik talablarining buzilishi holatlari aniqlandi.
Tekshiruvlarda mikromoliya tashkilotlari tomonidan mikrokarz ajratishda qarz yuki talablariga rioya etilmagani, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi buzilgani, kredit shartnomalarida majburiy ma’lumotlar to‘liq aks ettirilmagani hamda kredit tarixi bo‘yicha ma’lumotlar kredit byurolariga o‘z vaqtida taqdim etilmagani aniqlandi.
«Uzum bank»da esa bank rasmiy saytida axborot berish bo‘yicha talablar bajarilmagani, murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilinmagani, kredit tarixi ma’lumotlarini taqdim etish talablari buzilgani, iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalarga qonunda belgilangan talablar kiritilmaganligi qayd etilgan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar natijasida Markaziy bank tomonidan:
«Shaffof-moliya» mikromoliya tashkilotiga nisbatan — 201 mln so‘m;
«Tezcoin» mikromoliya tashkilotiga nisbatan — 156 mln so‘m;
«Uzum bank»ka nisbatan — 215,5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Ma’lumot uchun, «Tezcoin» va «Shaffof-moliya» mikromoliya tashkilotlari «Uzum» ekotizimi orqali moliyaviy xizmatlarni taqdim qilib keladi.
Bu ikkala mikromoliya tashkilotiga «Uzum Nasiya» platformasini boshqaruvchi «Makesense» MCHJ korxonasi egalik qiladi.
«Ipoteka bank» ham jarimaga tortildi
Markaziy bank kredit munosabatlariga doir iste’molchilarning murojaatlarini o‘rganish natijasida «Ipoteka bank»ni ham 105 mln so‘m miqdorida jarimaga tortdi.
Regulyator murojaatlarni o‘rganib chiqqanida, bank tomonidan iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya etilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Bunda kredit qarzdorliklari uchun mablag‘lar qarz oluvchilarning bank kartalaridan to‘lov jadvalida belgilangan sanadan oldin yechib olish holati kuzatilgan.
Shuningdek, kredit shartnomasida qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi)ga tegishli bo‘lgan bank kartasidan mablag‘lar kredit qarzdorliklari uchun akseptsiz (roziliksiz) yechib olinishi belgilanmagan bo‘lsa-da, mablag‘lar akseptsiz yechib olingan.
Yana 14 ta bankka jarima
Shu bilan birga, Markaziy bank birinchi chorakda banklarning hududlardagi filiallari va alohida bo‘linmalarida «sirli mijoz» usulidagi nazorat tadbirlari o‘tkazdi.
Bunda banklar tomonidan iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni tashkil etishda oshkoralik, shaffoflik, axborotlarning to‘liqligi va to‘g‘riligiga oid qonunchilik talablariga rioya etilmaganlik holatlari kuzatildi.
Markaziy bank tomonidan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qoidabuzarliklar xususiyati, miqyosi, davomiyligi va boshqa holatlar inobatga olingan holda 14 ta bankka nisbatan jami 681,5 mln so‘m jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Shundan, «Agrobank»ka nisbatan 255 mln so‘m, «Sanoatqurilishbank»ka nisbatan 119,5 mln so‘m jarima belgilandi.





