Logo

Viza xizmatlarini ko‘rsatadigan bir qator kompaniyalar ustun mavqe va ustun muzokara kuchiga ega deb tan olindi

Бугун 12:452 дақиқа

Ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalar o‘z xohishiga ko‘ra raqobatchilardan mustaqil ravishda bozor qoidalarini, narxlarni va shartlarni o‘zgartirish hamda boshqa kompaniyalarning bozorga kirishiga yoki erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qila olishi mumkin.

Viza xizmatlarini ko‘rsatadigan bir qator kompaniyalar ustun mavqe va ustun muzokara kuchiga ega deb tan olindi © biometricupdate.com

Raqobat qo‘mitasi bir qator kompaniyalarni ustun mavqega va ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘mita tovar va xizmat bozorlarida raqobat muhitini o‘ranish hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash doirasida chet el davlatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatish bozori tahlil qilgan.

Natijada «VFS Global Services UBKN» MCHJ va «Vizametric» MCHJ Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasiga asosan ustun mavqega, «TLS Contact» MCHJ esa 14-moddaga asosan ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etilgan.

«VFS Global Services UBKN» MCHJ Avstriya, Vengriya, Luksemburg, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlandiya, Gretsiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Yangi Zelandiya, Isroil va Malta davlatlariga, «Vizametric» MCHJ Amerika Qo‘shma Shtatlariga chiqish uchun, «TLS Contact» MCHJ Germaniya va Fransiya davlatlariga chiqish uchun viza xizmatlarini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning:

— 13-moddasiga asosan tovar yoki moliya bozoridagi xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining unga o‘z faoliyatini raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ushbu boshqa subyektlarning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqe hisoblanadi;

— 14-moddasiga asosan ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi;

— 18-moddasiga asosan ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi.

O‘zbekistondagi ustun muzokara kuchiga ega korxonalar ro‘yxati bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi OLX platformasini O‘zbekistondagi onlayn e’lon joylashtirish xizmatlari bozorida ustun mavqega ega raqamli operator sifatida e’tirof etgandi.

Теглар

Мавзуга оид