Xitoy energetikasida tarixiy burilish: yangi ehtiyoj to‘liq «yashil» manbalar hisobiga qoplandi

08.03.2026 | 22:551 дақиқа

Dunyoda atmosferaga eng ko‘p zaharli gaz chiqaruvchi mamlakat hisoblangan Xitoy ilk bor elektr energiyasiga bo‘lgan qo‘shimcha talabni to‘liq qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga qoplashga erishdi.

Xitoy energetikasida tarixiy burilish: yangi ehtiyoj to‘liq «yashil» manbalar hisobiga qoplandi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoyda elektr energiyasi iste’moli 3,5 foizga oshgan bo‘lsa-da, qazilma yoqilg‘ilardan chiqadigan CO2 chiqindilari 0,3 foizga kamaygan. Bu jarayon mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ayniqsa quyosh energetikasining misli ko‘rilmagan darajada tez rivojlanishi bilan izohlanmoqda.

«Financial times» tahlillariga ko‘ra, Xitoyda zararli chiqindilar miqdori so‘nggi 21 oy davomida barqaror yoki pasayish tendensiyasini namoyish etmoqda.

«Yashil» energiya ulushi 40 foiz

O‘tgan yil davomida Xitoyda elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 37 foizdan 40 foizga ko‘tarildi. Yangi qurilgan «yashil» quvvatlar nafaqat talabning o‘sishini qoplagan, balki ko‘mir elektr stansiyalarida ishlab chiqarish hajmining biroz kamayishiga ham sabab bo‘lgan.

Endi Xitoy ko‘mir stansiyalarini asosiy manba sifatida emas, balki tizimdagi yuklama ortgan (pik) paytlarda ishlatiladigan bufer sifatida qo‘llamoqda.

Sanoat va transportdagi o‘zgarishlar

Energetikadan tashqari boshqa tarmoqlarda ham chiqindilarni kamaytirish omillari kuzatilmoqda. Qurilish sohasidagi pasayish sement ishlab chiqarishning qisqarishiga olib kelgan bo‘lsa, transport tizimida elektromobillar sonining jadal ortishi atmosferaga chiqadigan zararli gazlar miqdorini sezilarli darajada kamaytirgan.

Bu o‘zgarishlar Xitoyning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi global majburiyatlarini bajarish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

Теглар

Мавзуга оид