Logo

Xitoy iqtisodiyotida paradoks: zavodlar to‘xtovsiz ishlayapti, odamlar esa kamroq xarid qilmoqda

Avgust oyida Xitoy sanoati 5,2 foiz o‘sgan bo‘lsa, chakana savdo atigi 0,4 foizga ko‘paygan. Hozirda mamlakat iqtisodiyoti oldidagi bosh masala ishlab chiqarishni ko‘paytirish emas, balki «Bu mahsulotlarni kim sotib oladi?» degan savolga javob topish bo‘lib turibdi.

Xitoy iqtisodiyotida paradoks: zavodlar to‘xtovsiz ishlayapti, odamlar esa kamroq xarid qilmoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

Xitoy iqtisodiyotida o‘ziga xos ziddiyatli holat kuzatilmoqda: sanoat korxonalari ishlab chiqarish hajmini oshirayotgan bir paytda, aholining xarid faolligi pasayib boryapti.

«Reuters» agentligining xabar berishicha, sanoat jadal rivojlanayotgan bo‘lsa-da, ichki iste’mol va investitsiyalar sur’ati pasaygan. Avgust oyi yakunlari bu tafovutning tobora kengayib borayotganini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Xitoy Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning avgust oyida yirik sanoat korxonalarining ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari yillik kesimda 5,2 foizga oshgan (iyul oyida bu ko‘rsatkich 4,5 foizni tashkil etgan). Shuningdek, uskunalar ishlab chiqarish hajmi 12,1 foizga, yuqori texnologiyali mahsulotlar tayyorlash esa 16,7 foizga ko‘paygan.

Sanoatdagi bunday o‘sish asosan yangi texnologiyalar, xususan, yuqori texnologik ishlab chiqarish va sun’iy intellekt bilan bog‘liq tarmoqlarning faollashuvi hisobiga ta’minlanmoqda. Agentlik xabariga ko‘ra, litiy-ionli batareyalar va sanoat robotlari ishlab chiqarish sohalarida ham yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.

Aholining xarid qobiliyati pasaymoqda

Ma’lum qilinishicha, Xitoy iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida vaziyat tamoman boshqacha tus olgan. Avgust oyida mamlakatda chakana savdo hajmi bor-yo‘g‘i 0,4 foizga o‘sgan (iyul oyida bu ko‘rsatkich 0,6 foiz bo‘lgan). Vaholanki, bozor ishtirokchilari 0,8 foizlik natijani kutishgan. Yanvar-avgust oylaridagi chakana savdoning umumiy o‘sish sur’ati esa 1,1 foizni tashkil etgan.

Xullas, korxonalar ishlab chiqarishni kengaytirayotgan bir paytda, aholining xarajatlari bunga mos ravishda ortmayapti. «Reuters» bu holatni Xitoy iqtisodiyotida chuqurlashib borayotgan nomutanosiblikning asosiy belgilaridan biri sifatida baholamoqda.

Bu esa mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Boisi, sanoatning rivojlanishi o‘z-o‘zidan ichki talabning tiklanishini anglatmaydi. Agar iste’molchilar xarajatlarni oshirmasa, korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan qo‘shimcha mahsulotlar ichki bozorda o‘z xaridorini topa olmasligi xavfi mavjud.

Investitsiyalar ham qisqarmoqda

Xitoy iqtisodiyotining yana bir muhim jihati — asosiy fondlarga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar ko‘lami ham toraymoqda. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida bu yo‘nalishdagi sarmoyalar 7,2 foizga kamaygan. Bu esa xususiy sektorning ehtiyotkorlik qilayotgani va investitsion faollik pasayganini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat hamon og‘irligicha qolmoqda. Yanvar-avgust oylarida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiyalar 19,9 foizga tushib ketgan. Uy-joy bozorida ham sezilarli tiklanish kuzatilmagan — avgust oyida yangi uylar narxi yillik hisobda 3 foizga arzonlashgan. «Reuters» maqolasida ko‘chmas mulk sohasida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan inqiroz mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishi aytiladi. Sababi, qurilish, uy-joy savdosi va ularga aloqador tarmoqlar uzoq yillar davomida iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan bo‘lib kelgan.

Xitoy yangi o‘sish nuqtasini izlamoqda

Xitoyning iqtisodiy modeli ham asta-sekin transformatsiyaga uchramoqda. Agar avvallari iqtisodiyot asosan ko‘chmas mulk, qurilish va infratuzilmaga kiritilgan sarmoyalar hisobiga rivojlangan bo‘lsa, endi asosiy e’tibor yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, elektromobillar, batareyalar, robototexnika va sun’iy intellekt sohalariga qaratilmoqda.

Milliy statistika byurosi ma’lumotlari ham yuqori texnologiyali ishlab chiqarish tarmog‘i mamlakat sanoati o‘sishining drayveriga aylanganini tasdiqlaydi. Ushbu strategiyaning afzalligi shundaki, Xitoy texnologik mahsulotlar eksportida o‘z raqobatbardoshligini oshirmoqda. Biroq buning salbiy tomoni ham bor: agar ichki iste’mol yetarlicha shakllanmasa, ortiqcha mahsulot ishlab chiqarish va tashqi bozorlarga tobelik kuchayib ketishi mumkin.

Asosiy muammo — talabning pastligi

Bugungi kunda Xitoy hukumati oldidagi asosiy vazifa faqatgina ishlab chiqarishni kengaytirish emas, balki ichki talabni tiklash bo‘lib turibdi. «Reuters» tahlilchilarining fikricha, rasmiy Pekin iste’molni rag‘batlantirish choralarini o‘ta ehtiyotkorlik bilan amalga oshirayotgani tufayli iqtisodiyotning ichki talab hisobiga tiklanish jarayoni sekinlashmoqda.

Boshqacha aytganda, Xitoyda zavodlar to‘xtovsiz ishlayapti, yangi texnologiyalar joriy etilyapti va eksport hajmi ortmoqda. Ammo aholining iste’mol kayfiyati va xususiy sektorning investitsiyaga bo‘lgan ishtiyoqi bunga hamohang emas.

Bu esa Xitoy iqtisodiyoti oldidagi eng dolzarb masalani kun tartibiga chiqaradi: mamlakat eski — investitsiya va qurilishga asoslangan modeldan yangi — texnologiyalar va iste’molga tayangan modelga qanchalik tez o‘ta oladi? Hozirgi statistika esa bu o‘tish davri oson kechmayotganidan dalolat bermoqda.

Теглар

Мавзуга оид