Xitoyda AI asosida yangi biznes modeli

Бугун 13:592 дақиқа

Xitoyda sun’iy intellekt orqali bir kishilik kompaniyalar tez rivojlanmoqda va biznes modelini o‘zgartirmoqda.

Xitoyda AI asosida yangi biznes modeli

Xitoyda yangi tadbirkorlik formati — «bir kishilik kompaniyalar» (one-person companies) jadal rivojlanmoqda. Bu haqda Business Insider nashri xabar berdi. Ushbu model sun’iy intellekt vositalari orqali biznesni jamoasiz boshqarish imkonini beradi.

Kompaniyadagi bitta hodimning vazifasi

Ma’lum qilinishicha, bunday kompaniyalar biznesni yo‘lga qo‘yish va uni kengaytirishda AI agentlar hamda «vibe-coding» kabi texnologiyalardan foydalanadi. Natijada tadbirkorlar xodim yollamasdan turib ham barcha asosiy jarayonlarni amalga oshira oladi.

Alibaba prezidenti Kuo Chjanning ta’kidlashicha, aynan AI agentlar ushbu modelni amalda ishlaydigan darajaga olib chiqqan. Avval mahsulot joylash, marketing yuritish va mijozlar bilan ishlash kabi vazifalar katta jamoani talab qilgan bo‘lsa, endilikda ular avtomatlashtirilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AI agentlar insonlarni almashtirmaydi, balki yakka tadbirkor uchun virtual jamoa vazifasini bajaradi. Bu esa bir kishiga to‘liq biznesni samarali boshqarish imkonini beradi.

Hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda

Shu bilan birga, Xitoyning ayrim shaharlarida ushbu format davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Startaplar uchun bepul uy-joy, ijarasiz ofislar va 720 ming dollargacha subsidiyalar ajratilishi belgilangan.

Alibaba ham bu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda. Kompaniya kichik bizneslar uchun «Accio Work» nomli platforma ishga tushirgan bo‘lib, u soliq, logistika, marketing va mijozlar bilan ishlash jarayonlarini avtomatlashtiradi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur platformadagi asosiy AI agent 2024 yil oxirida ishga tushirilgan va hozirda oyiga 10 millionga yaqin foydalanuvchiga ega.

Теглар

Мавзуга оид