Xitoylik investorlar O‘zbekistonda eski shinalardan texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Кеча 21:012 дақиқа

Shuningdek, xitoylik investorlar bilan «yashil» energetika sohasida ham tashabbuslar muhokama qilinmoqda.

Xitoylik investorlar O‘zbekistonda eski shinalardan texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda eski shinalarni utilizatsiya qilish, texnik uglerod ishlab chiqarish hamda «yashil» energetika sohasidagi yangi loyihalarni amalga oshirishi mumkin. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazir o‘rinbosari Ilzat Qosimov 19-mart kuni Xitoyning «China CAMC Engineering» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Go Szitsze va «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi bosh direktori Pyao Syan bilan uchrashgan.

Muzokaralar davomida tomonlar zamonaviy piroliz texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni tashkil etish hamda sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash masalalari bo‘yicha batafsil fikr almashgan.

Ma’lumot uchun, «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» — Xitoyning Fushun shahridagi muhandislik-texnologiya kompaniyasi bo‘lib, u kimyoviy injiniring, neft-kimyo va ekologik yechimlar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya bugungi kungacha texnik uglerod yo‘nalishida 80 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.

«Yashil» energetika sohasidagi hamkorlik

O‘sha kuni Ilzat Qosimov Xitoyning yirik «Anhui Conch Group» xoldingi tarkibiga kiruvchi hamda qayta tiklanuvchi energetikaga ixtisoslashgan «Anhui Conch New Energy» kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashgan.

Uchrashuv davomida asosiy e’tibor investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Shuningdek, tomonlar «Anhui Conch Group» xoldingi tomonidan respublika hududlarida qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning muvaffaqiyatli natijalarini alohida qayd etgan.

Ma’lumot uchun, «Anhui Conch New Energy» — yirik «Anhui Conch Group» xoldingining tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, qayta tiklanuvchi energetika sohasiga ixtisoslashgan. Kompaniya butun dunyo bo‘ylab 148 ta elektr stansiyasini qurish tajribasiga hamda 159 ta texnologik patentdan iborat salmoqli portfelga ega.

Теглар

Мавзуга оид