Logo

Xorazmda 7,4 mlrd dollarlik loyihalarga start berildi

Кеча 22:552 дақиқа

BAA, Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya investorlari ishtirokidagi loyihalar asosan energetika, sanoat va turizmga yo‘naltirilgan bo‘lib, hududda 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Xorazmda 7,4 mlrd dollarlik loyihalarga start berildi © Foto: president.uz

Xorazm viloyatida umumiy qiymati 176 mln dollar bo‘lgan 12 ta loyiha ishga tushirildi. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida 7,424 mlrd dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahridagi «Farovon Khiva Hotel» mehmonxonasida o‘tkazilgan marosimda yangi investitsiya loyihalarining ahamiyatini ta’kidladi. Unga ko‘ra, hududda yangi ish o‘rinlari va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

«Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz», — dedi davlat rahbari.

Energetikadan turizmgacha

Yirik loyihalar orasida Tuproqqal’a tumanida BAAdagi hamkorlar bilan 6 mlrd dollarlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi bor. Unda Xitoyning «Sinopec» kompaniyasi ham ishtirok etadi.

Shuningdek, Slovakiyalik hamkorlar bilan 170 mln dollarlik bioetanol korxonasi tashkil etiladi. Urganch shahrida yapon investorlari bilan 30 mln dollarlik 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmuasi qurilmoqda.

Urganch tumanida koreys investorlari ishtirokida 100 mln dollarlik loyiha doirasida chiqindilarni qayta ishlab, 71 MVt «yashil» energiya ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.

Bundan tashqari, Xiva yaqinida 26 gektar maydonda 120 mln dollarlik «Sahro yulduzi» turistik majmuasi, Urganch tumanida mis sanoati klasteri hamda optik tolali kabel ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.

6,6 ming ish o‘rni yaratiladi

Loyihalar nafaqat ishlab chiqarish va infratuzilmani kengaytirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratishga ham qaratilgan. Amalga oshirilayotgan tashabbuslar natijasida 6,6 mingta yangi ish o‘rni paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Xorazmda investitsiya faolligi so‘nggi yillarda sezilarli darajada yaxshilangan. 2016 yilda viloyatga atigi 30 mln dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 2 mlrd dollardan oshmoqda.

Теглар

Мавзуга оид