Xorijiy universitetda ilmiy daraja olgan mutaxassislarga imtiyozli ipoteka krediti beriladi
Hukumat qarorI bilan nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarga uy-joy xaridi uchun imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish tartibini belgiladi.

O‘zbekistonda xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi ipoteka dasturi joriy etildi. 2026 yil 9-aprelda qabul qilingan 159-sonli qaror bilan ushbu yo‘nalishdagi maxsus nizom tasdiqlandi.
Kredit miqdori va muddati
Mazkur nizomga muvofiq, talabgorlar mamlakat hududidagi birlamchi uy-joy bozoridan uy sotib olish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 150 barobargacha bo‘lgan ipoteka kreditidan foydalanishi mumkin. Kredit 10 yil muddatga beriladi va har oyda qaytarish sharti bilan rasmiylashtiriladi.
Kreditlar tijorat banklari tomonidan yillik 14 foiz stavkasda ajratiladi. Shu bilan birga, ajratiladigan mablag‘ sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 80 foizidan oshmasligi shart qilib belgilangan.
Ariza topshirish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, talabgorlar YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron tarzda murojaat qiladi. Arizaga uy-joy bo‘yicha qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma ham ilova qilinishi lozim.
Kredit ajratish talablari
O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganda;
Kredit olish uchun ariza bilan murojaat qilgan kunda 35 yoshdan oshmaganda;
Kredit oluvchi ushbu xalqaro reyting tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan reytingda yuqori 100 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganda;
Kredit oluvchining xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganligi haqidagi diplomi belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilinganda.
Tijorat banklari arizachining to‘lovga layoqatini 3 ish kuni ichida o‘rganib chiqadi va tegishli xulosani Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi. Yangi tartib xorijda ta’lim olgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yildan boshlab kamida 15 yil ish stajiga va oliy malaka toifasiga ega pedagoglar va tibbiyot xodimlariga uy-joy sotib olishda ipoteka badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.





